Attestatsiya sinovlaridan 200 dan ortiq nomzod chetlashtirilgan

    Ta'lim 19 Iyun 2025 712

    Ijtimoiy tarmoqlarda pul evaziga oʻqituvchilardan davlat attestatsiyasidan oʻtkazishga uringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xabar qilingandi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumot berdi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining maʼlum qilishicha, 2024-yil yanvardan boshlab maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlari attestatsiyasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazib kelinmoqda.

    Malaka (test) sinovlarini (shuningdek, kasbiy sertifikatlash, menejerlik sertifikati sinovlarini ham) shaffof, adolatli, xolis oʻtkazish maqsadida har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn), FaceID – yuzni tanib olish orqali oʻtkaziladi.

    Vazirlikning maʼlum qilishicha, ayrim pedagoglar tomonidan turli qingʻir yoʻllar bilan toifa olishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. Oʻtgan malaka sinovlarida turli taqiqlangan vositalar, xususan aloqa vositalaridan foydalanish holati boʻyicha 200 dan ortiq nomzodlar sinovlardan chetlashtirilgan.

    Xususan, joriy yildagi sinovlarda respublika boʻyicha jami 79 nafar, shu jumladan 68 nafari aloqa qurilmalaridan foydalanganligi sababli jarayondan chetlashtirildi.

    Ayrim kimsalar esa, firibgarlik yoʻli bilan testdan oʻtkazib qoʻyishni vaʼda qilib, pedagoglar ishonchiga kirmoqda, ulardan pul olib jinoyatga qoʻl urish holatlari ham uchrayapti.

    Ushbu holatlarni bartaraf etish, har qanday turdagi qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tegishli organlar, xususan Bosh Prokuratura bilan hamkorlikda ishlar olib bormoqda. Aniqlangan holatlar boʻyicha huquqiy baho berish uchun barcha maʼlumotlar tergov organlariga yetkazilmoqda.

    Shu oʻrinda pedagoglarimizga yana bir bor eslatamiz: sinovlarda faqat oʻz bilimlaringizga tayaning, turli shaxslarning aldovlariga uchmang, bu kabi holatlarga duch kelsangiz darhol vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09)ga murojaat qiling, — deyiladi xabarda.