Attraksionlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha texnik reglament tasdiqlandi

    Hukumat qarori bilan attraksionlar xavfsizligi boʻyicha texnik reglament va ularning davlat reyestrini yuritish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Vazirlar Mahkamasining 26.12.2024-yildagi 886-son "Attraksionlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi Texnik reglamentni va Attraksionlarni hisobga olish hamda ularning davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    — Attraksionlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi Texnik reglament;
    — Attraksionlarni hisobga olish hamda ularning davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

    Reglament Oʻzbekiston hududida attraksionlardan foydalanishda insonlarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, shuningdek ularda xavfsizlik boʻyicha chalgʻituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida qoʻllanishi va bajarilishi lozim boʻlgan yagona talablarni belgilaydi.

    Reglamentda attraksionlar Reglament talablariga muvofiq boʻlgan va muvofiqlik protsedurasidan oʻtgan taqdirda muomalaga kiritilishi nazarda tutilgan.

    Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, FVV, Energetika vazirligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

    Attraksionlarning davlat reyestrini yuritish maqsadi ularning maʼlumotlar bazasini yaratish, sanoat xavfsizligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek roʻyxatga olingan attraksionlar va ulardan foydalanuvchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi tizimli maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va saqlashdan iborat.

    Reyestrni yuritish Qoʻmitaga yuklanadi va quyidagi protseduralarni oʻz ichiga oladi:

    — roʻyxatga olish raqamini koʻrsatish orqali attraksion toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni maʼlumotlar bazasiga kiritish;
    — attraksion toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davriy yangilab borish yoki ularni reyestrdan oʻchirish.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 28.12.2024-yildan kuchga kirdi.