Zamonning talabi shunday
Prezidentimizning 2026-yil
10-apreldagi “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning
qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar tizimini rivojlantirishda mutlaqo yangi sahifani ochib berdi.
Mohiyatiga koʻra, farmon mamlakatimizning intellektual salohiyatini
shakllantirishga qaratilgan strategik “yoʻl xaritasi”. Uni sinchiklab oʻrganar
ekanmiz, faqat alohida chora-tadbirlar emas, balki yaxlit tizimli yondashuv,
aniq maqsad va chuqur oʻylangan istiqbol mujassam ekanini koʻramiz. Hujjatda
ifodalangan gʻoya oddiy emas, bilimga, ilmga va innovatsiyaga tayangan
taraqqiyot falsafasidir. Bugun dunyoda raqobat kuchayib borayotgan bir paytda
bilim va intellekt asosiy ustunlik omiliga aylanmoqda. Shunday sharoitda mazkur
farmon orqali ilgari surilayotgan yondashuv mamlakatimizni aynan ilm-fan va
innovatsiyalar orqali global taraqqiyot poygasida munosib oʻrin egallashga olib
chiqadigan qatʼiy siyosiy irodaning ifodasi. Yana bir jihati, bu hujjat faqat
ishtirokni emas, masʼuliyatni ham talab qiladi.
“5T” — taraqqiyotning yangi formulasi
Hozirgi globallashuv va keskin
raqobat sharoitida oddiy yondashuvlar bilan natijaga erishib boʻlmaydi.
Zamonaviy taraqqiyot murakkab, tizimli va chuqur oʻylangan yondashuvni talab
qiladi. Shu maʼnoda, farmonda ilgari surilgan “5T” tamoyili yangi davrning aniq
amaliy formulasi sifatida namoyon boʻladi. Bu tamoyil mohiyatiga eʼtibor
bersak, u oliy taʼlim tizimiga mutlaqo yangicha mazmun yuklaydi. Endi oʻqitish
jarayoni faqat auditoriya bilan chegaralanmaydi, tarbiya esa faqat maʼnaviy
tushuncha doirasida qolmaydi. Tadqiqotlar qogʻozlarda emas, real natijalarda
aks etishi, ilmiy ishlanmalar esa iqtisodiy qiymatga aylanishi zarur. Shu bois,
bugun oliy taʼlim muassasalariga nisbatan talab ham keskin oʻzgarib bormoqda.
Ular endi bilim beruvchi maskan emas, balki yangi gʻoyalar tugʻiladigan ilmiy
makon, innovatsiyalar shakllanadigan markaz, iqtisodiy rivojlanishni harakatga
keltiradigan kuchga aylanishi shart.
Bu oʻzgarishlar tasodifiy emas, balki zamon talabi. Chunki
bugun dunyoda faqat bilimga ega boʻlish yetarli emas, uni yaratish,
rivojlantirish va amaliy natijaga aylantirish muhim. Albatta, bunday yuksak
maqsadlar oʻz-oʻzidan amalga oshmaydi. Bu, avvalo, inson omiliga —
professor-oʻqituvchi va talabaga bogʻliq. Endi pedagogdan ilmiy yetakchilik,
innovatsion fikrlash va tashabbuskorlik, talabadan esa izlanayotgan, savol
berayotgan, yangilik yaratayotgan shaxs boʻlish talab etiladi. Shu maʼnoda,
“5T” tamoyili kundalik faoliyat mezoni, ishning sifat koʻrsatkichi, kelajakka
masʼuliyat ifodasidir.
Yangi davr flagmanlari
Zamonaviy global raqobat sharoitida taraqqiyotning asosiy
harakatlantiruvchi kuchi ilm-fan va innovatsiyadir. Aynan shu haqiqatdan kelib
chiqib, farmonda belgilangan eng yetakchi oʻnta milliy tadqiqot universitetini
shakllantirish tashabbusi strategik ahamiyatga ega. Bu tashabbusni oddiy
strukturaviy oʻzgarish sifatida qabul qilish xato. Chunki u oliy taʼlim
tizimining ichki mohiyatini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan chuqur konseptual
yondashuvdir. Endi universitetlar bilim berishdan tashqari, ilmiy tafakkur
markazi, innovatsion gʻoyalar inkubatori va iqtisodiy taraqqiyotning muhim
drayveriga aylanishi zarur. Eng ilgʻor milliy tadqiqot universitetlari
oʻntaligiga kiruvchi OTMlar kelajakni shakllantiruvchi intellektual maydonlar
boʻlishi kerak. Bu muassasalarda fundamental va amaliy tadqiqotlar
uygʻunlashadi, ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarish bilan integrasiyalashadi.
Yangi texnologiyalar yaratilib, tijoriylashtiriladi. Eng muhimi, bu
universitetlar mamlakatimizning global ilmiy maydondagi nufuzini belgilovchi
asosiy ustunlarga aylanishi lozim.
Bir haqiqatni aniq anglab olishimiz zarur: agar universitet
ilmiy markazga aylanmasa, kelajakni belgilovchi kuchga ham aylana olmaydi.
Universitet faqat auditoriya va diplom emas, yangi gʻoya, yangi tafakkur va
yangi texnologiya yaratiladigan maskandir. Shu nuqtayi nazardan, ilmiy
klasterlar tashkil etilishi ham nihoyatda muhim tashabbus boʻldi.
Ushbu klasterlar orqali universitet, ilmiy markaz va sanoat
oʻrtasida uzviy aloqalar shakllanadi, natijalar tezkorlik bilan amaliyotga
joriy etiladi, yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Bu esa, oʻz
navbatida, ilm-fanni qogʻozdagi natijadan haqiqiy iqtisodiy kuchga aylantiradi.
Bugun biz tarixiy imkoniyat qarshisidamiz. Agar ushbu tashabbuslarni
chuqur anglab, amaliy natijaga aylantira olsak, milliy tadqiqot universitetlari
faqat mamlakatimizning emas, balki mintaqaning ilmiy va innovatsion
markazlariga aylanishi shubhasiz. Aks holda, eng toʻgʻri gʻoya ham amaliyotga
tatbiq etilmasa, oʻz kuchini yoʻqotadi. Shu bois, bugun bizdan talab
qilinadigan narsa aniq: tashabbus, masʼuliyat va natija.
Raqobat, sifat va adolatli baholash
Zamonaviy taraqqiyotning eng muhim talabi adolatli baholash
va sogʻlom raqobat muhitidir. Qayerda adolatli mezon ustuvor boʻlsa, aynan
oʻsha yerda sifat shakllanadi, rivojlanish jadallashadi, tashabbuslar
qoʻllab-quvvatlanadi. Farmonda nazarda tutilgan milliy reyting tizimining joriy
etilishi oliy taʼlimni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan muhim omil
sifatida namoyon boʻladi. Bu tizim har bir oliy taʼlim muassasasining haqiqiy
salohiyati, natijasi va jamiyatga qoʻshayotgan hissasini ochiq va shaffof
mezonlar asosida aniqlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu orqali tizimda yillar
davomida shakllanib qolgan sunʼiy koʻrsatkichlar, rasmiyatchilik va formal
yondashuvlarga barham beriladi. Mezon aniq: natija ishlamasa — baho, sifat
boʻlmasa — ragʻbat boʻlmaydi. Bu oddiy ibora emas, yangi boshqaruv falsafasi.
Shu orqali oliy taʼlim muassasalari faoliyatida sifat ustuvor mezonga
aylanadi. Endi faqat hisobotlar emas, haqiqiy natijalar baholanadi. Son emas,
mazmun muhim boʻladi. Jarayon emas, samara hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bunday yondashuv tabiiy ravishda sogʻlom raqobat muhitini shakllantiradi. Raqobat
bor joyda sustkashlikka oʻrin yoʻq, befarqlikka imkon yoʻq. “Qanday boʻlsa,
shunday” ishlashga esa mutlaqo oʻrin qolmaydi. Albatta, bu tizim har bir oliy
taʼlim muassasasi, har bir rahbar va har bir pedagog oldiga jiddiy talablar
qoʻyadi. Endi har bir natija asoslanishi, har bir koʻrsatkich isbotlanishi, har
bir faoliyat samara berishi shart. Eng muhimi, bu tizim adolatni tiklaydi.
Chunki haqiqiy mehnat, haqiqiy natija va haqiqiy sifat bahosini oladi. Bu esa
tizimda ishonchni mustahkamlaydi, motivatsiyani oshiradi va eng ilgʻor
tajribalarni yuzaga chiqaradi.
Ilm-fan — iqtisodiyot taraqqiyotining muhim omili
Taraqqiyot mezonlari tubdan oʻzgarayotgan zamonda ilm-fanning
haqiqiy qiymati nazariy yangiligida emas, balki amaliy natijasida namoyon
boʻladi. Qaysi mamlakat ilmni iqtisodiyot bilan uygʻunlashtira olsa, aynan
oʻsha mamlakat barqaror taraqqiyotga erishadi. Shu maʼnoda, farmonda ilmiy
tadqiqotlarni moliyalashtirishning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish
belgilab qoʻyilgani bejiz emas. Mazkur yondashuvning tub mohiyati shundan
iboratki, ilmiy faoliyat endi yopiq tizimda emas, balki ochiq, raqobatbardosh
va natijaga yoʻnaltirilgan muhitda olib boriladi. Grantlar, tanlovlar, xalqaro
ekspertiza — bularning barchasi ilmiy gʻoyalarni saralash, qoʻllab-quvvatlash
va eng istiqbolli yoʻnalishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi,
farmon ilm-fanga nisbatan mutlaqo yangi talab qoʻyadi: ilmiy gʻoya, albatta,
amaliy natijaga, innovatsiyaga va iqtisodiy samaraga aylanishi shart. Bu talab
emas, davrning qatʼiy hukmi.
Endi mezonlar oʻzgarmoqda. Ilmning iqtisodiy qiymati muhim,
nazariya emas, uning amaliy tatbiqi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu esa
ilm-fanni hisobot uchun bajariladigan faoliyatdan haqiqiy rivojlanish
drayveriga aylantiradi. Shu bilan birga, ushbu yondashuv yosh olimlar uchun ham
yangi ufqlarni ochadi. Endi tashabbuskorlik, innovatsion fikrlash va amaliy
natijaga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ilm-fan
bilan shugʻullanish nafaqat ilmiy daraja olish, balki real muammolarni hal
qilish, jamiyatga xizmat qilish demakdir. Agar ilm-fanni iqtisodiyot bilan
uygʻunlashtira olsak, u mamlakatimizning eng katta boyligiga aylanadi. Ilm-fan
endi tanlov emas, zarurat. U iqtisodiyotga xizmat qilishi, natija berishi,
kelajakni yaratishi shart. Ana shundagina ilm-fan haqiqiy kuchga aylanadi.
Global maydonga chiqish — zarurat
Bugungi dunyo yopiq tizimlarni qabul qilmaydi. Ilm-fan ham,
taʼlim ham endi milliy chegaralar bilan cheklanib qoladigan soha emas. Global
bilimlar oqimi, xalqaro ilmiy hamkorlik va akademik mobillik — bular zamonaviy
taraqqiyotning ajralmas shartiga aylangan. Shu maʼnoda, farmonda oliy taʼlim
tizimini xalqaro maydonga olib chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilab
qoʻyilgani chuqur strategik qarordir. Mazkur yondashuvning mohiyati oddiy: agar
biz global ilmiy va taʼlim makonida faol ishtirok etmasak, taraqqiyot
surʼatidan ortda qolamiz. Chunki bilim yopiq muhitda emas, ochiq, hamkorlikka
asoslangan tizimda rivojlanadi. “Study in Uzbekistan” platformasining kengaytirilishi,
xorijiy talabalar oqimini oshirish, nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari
bilan hamkorlikni chuqurlashtirish — bularning barchasi mamlakatimizni
mintaqaviy va xalqaro taʼlim markaziga aylantirishga qaratilgan aniq va izchil
qadamlardir. Bu orqali nafaqat taʼlim sifati oshadi, balki ilmiy maktablar
boyiydi. Yangi gʻoyalar kirib keladi, tajriba almashinuvi kuchayadi. Eng
muhimi, xalqaro integratsiya oʻrganish bilan birga oʻrgatish, qabul qilish
bilan birga taklif etish, hamkorlik orqali oʻz salohiyatini namoyon etadi.
Demak, biz nafaqat bilim oluvchi, balki bilim beruvchi, tajriba ulashuvchi
davlatga aylanishimiz zarur. Bu yoʻl oson emas. U bizdan yangi bilim, yangi
yondashuv, yangi tafakkur talab qiladi. Lekin aynan shu yoʻl bizni global ilmiy
hamjamiyatning munosib aʼzosiga aylantiradi. Shu bois, global maydonga chiqish
tarixiy zarurat. Taraqqiyot sharti. Kelajak talabi.
Raqamli transformatsiya: ortga yoʻl yoʻq
Raqamli inqilob tobora jadallashayotgan bir paytda
barchamizdan tezkorlik, aniqlik va mutlaqo yangi yondashuv talab etilmoqda.
Endi taraqqiyot mezoni raqamlashtirish darajasi bilan belgilanadi. Qaysi
tizimda raqamli transformatsiya chuqur va samarali amalga oshirilsa, aynan
oʻsha tizimda ustunlik boʻladi. Shu bois, raqamli texnologiyalar va sunʼiy
intellekt asosida boshqaruv tizimini yangilash bugunning muqarrar talabi
sifatida kun tartibiga qatʼiy qoʻyilmoqda. Bu jarayonni oddiy texnik
yangilanish deb baholash yetarli emas. Ushbu boshqaruv falsafasi oʻzgarish,
qaror qabul qilish madaniyati yangilanishi, demakdir. Raqamli transformatsiya
orqali shaffoflik taʼminlanadi. Byurokratiya qisqaradi. Inson omilidan kelib
chiqadigan xatolar kamayadi. Natijada boshqaruv sifati mutlaqo yangi darajaga
chiqadi.
Raqamlashtirish tezlik va aniqlikni bildiradi.
Bugun vaqt eng katta resursga aylangan. Kim tez ishlasa, oʻsha yutadi. Kim aniq
qaror qabul qilsa, oʻsha oldinga chiqadi. Raqamli texnologiyalar aynan mana shu
ustunlikni taʼminlaydi. Shu bilan birga, sunʼiy intellektning joriy etilishi
tizimning yanada aqlli, moslashuvchan va prognozlash qobiliyatiga ega
boʻlishini taʼminlaydi. Endi qarorlar faqat tajribaga emas, balki katta
maʼlumotlar tahliliga, aniq hisob-kitoblarga asoslanadi. Bugun biz yana bir
muhim haqiqatni anglashimiz kerak: raqamli transformatsiya hayotiy zarurat. Uni
kechiktirish — ortda qolish degani. Shu bois, mazkur jarayonda ikkilanishga
oʻrin yoʻq.
Masʼuliyat — eng katta sinov
Har qanday farmon yoki qaror, avvalo,
imkoniyat. Ammo bu imkoniyatning real natijaga aylanishi, jamiyat hayotidagi
sezilarli oʻzgarishlarga olib kelishi bevosita yondashuvimiz, masʼuliyatimiz va
fidoyiligimizga bogʻliq. Haqiqat shundan iboratki, eng mukammal hujjat ham
amalga oshiradigan insonsiz natija bermaydi. Eng toʻgʻri gʻoya ham amaliyotga
tatbiq etilmasa, oʻz kuchini yoʻqotadi. Shuning uchun bugun bizdan talab
qilinayotgan narsa ichki oʻzgarish, tafakkur yangilanishi, masʼuliyatni chuqur
his qilishdir.
Mazkur farmon
davlatning ilm-fan va taʼlimga yuksak ishonchining yana bir ifodasi. Oldimizda
turgan savol oddiy, lekin muhim: biz bunga munosib boʻla olamizmi? Javobni
bugungi harakatlarimiz beradi. Chunki kelajak uzoqdagi mavhum tushuncha emas. U
aynan bugun qabul qilinayotgan qarorlar, bajariladigan ishlar va qoʻyilayotgan
qadamlardan boshlanadi.
Abduvali XOLIQOV,
Oliy taʼlimni
rivojlantirish tadqiqotlari
markazi direktori,
kimyo fanlari doktori, professor