Unga fan va madaniyat namoyandalari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari taklif etilgan.
Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aureliya Bushez film haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
— Ushbu film asosan oʻzbek-fransuz loyihasi ekanligini hisobga olsak, film premyerasida mehmonlari qatorida boʻlganimdan mamnunman. Ushbu film tufayli tomoshabinlar joriy yilning noyabr oyida ochiladigan Luvrda boʻlajak koʻrgazma koʻlami haqida birinchi taassurotga ega boʻlishadi.
Film ustida ishlagan barchaga, xususan Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashi raisining oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva, uning ijrochi direktori Gayane Umerova xonim va shuningdek, Luvr muzeyi maʼmuriyati hamda ARTE telekanaliga umumiy maqsadlar yoʻlida samarali hamkorlik qilgani uchun alohida minnatdorchilik bildiraman.
Taʼkidlash joizki, mazkur koʻrgazma va undan oldingi asarlar hamda Parijdagi koʻrgazmaning oʻzi Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida oʻrnatilgan samarali madaniy aloqalarning ajoyib illyustratsiyasidir.
Film va koʻrgazma Fransiya jamoatchiligini mamlakatingizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga yordam beradi. Hozircha koʻpchilik fransezlar Oʻzbekiston haqida faqat Markaziy Osiyodagi aholi eng zich joylashgan, juda tez rivojlanayotgan va mintaqada siyosiy obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan davlat ekanligini va u yerda mashhur Samarqand va Buxoro shaharlari joylashganini bilishadi.
Fransiya xalqi ular haqida haqiqatan ham eshitgan va qadimda karvon yoʻllari oʻtgan, boy madaniyati va tarixi bilan bogʻliq boʻlgan joylarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishni orzu qiladi. Mamlakatimizdan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotganining sababi ham shu.
Hozirda sizga yiliga 20 000 kishi keladi. Ishonch bilan ayta olamanki, yaqin kelajakda Luvr muzeyidagi koʻrgazma tufayli bu koʻrsatkich ancha yuqori boʻladi, chunki unga yiliga 10 million kishi tashrif buyuradi va bu nafaqat Fransiya va qoʻshni mamlakatlar aholisi, balki butun dunyodan kelgan sanʼat ixlosmandlaridir!
Biz gapirayotgan koʻrgazma haqiqatdan ham oʻziga xos boʻladi. Uning koʻplab eksponatlari arxeologik qazishmalar paytida nisbatan yaqinda topilgani uchun birinchi marta ommaga taqdim etiladi. Aytish joizki, fransuz arxeologlari Oʻzbekiston hududida juda jadal ishlamoqda. Ayniqsa, koʻrgazmaning kuratori boʻlgan mashhur arxeolog janob Rokko Ranteni alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Madaniyat va sanʼtni rivojlantirish jamgʻarmasi Oʻzbekiston madaniy merosini asrab-avaylashga oʻz hissasini qoʻshayotgani va bu borada Fransiya tajribasiga tayanayotganidan juda xursandman.