Buning uchun, albatta, sayyohlik kompaniyalariga murojaat qilishi tabiiy. Biroq yurtdoshlarimiz tomonidan asosli e'tirozlar, joylardagi o'rganishlar hamda mavjud ahvol ayrim yo'nalishlar uchun aviachiptalar narxi haddan ziyod yuqoriligini ko'rsatmoqda.

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga birgina 2021 yil davomida aviabilet bilan bog'liq yuzdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Murojaatlar o'rganilishi natijasida 93 foiz murojaat iste'molchilar foydasiga hal etilgan.

Aviabilet narxi iste'molchilarni qoniqtiradimi?

YUrtimizda 11 ta aeroport mavjud bo'lib, ular xalqaro maqomga ega. So'nggi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi sohasiga boshqaruvning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo “Uzbekistan airways” orqali Turkiya, Rossiya, Misr yoki Dubayga uchish narxi Qozog'iston yoki Qirg'izistondan uchishga qaraganda ikki barobar qimmat ekani bor gap.

aviasales.uz caytidan olingan ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo'lgan Toshkent – Olmaota yo'nalishi bo'yicha aviachiptaning narxi ekonom 3 million 562 ming so'm, biznec klass esa 5 million 22 mingni tashkil qilmoqda. Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent – Moskva yo'nalishi bo'yicha aviachipta narxi ekonom 3 million 254 ming so'm, biznes klass esa 7 million 29 ming; Toshkent – Riga yo'nalishi bo'yicha 2 million 773 ming so'm (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent – N`yu York yo'nalishi bo'yicha esa ekonom 4 million 677 ming so'm, (parvoz vaqti – 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

Ko'rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo'lgan Toshkent – Olmaota yo'nalishi bo'yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko'p parvoz qilinadigan yo'nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqori. Oddiy ishchi chet el sayohatiga borish uchun kamida 6 oy tinimsiz mehnat qilishi va ortiqcha xarajatsiz pul jamg'arishi kerak. Albatta, aviachipta narxi qimmatligi, birinchi navbatda, chet ellik sayyohlarning yurtimizga tashrif buyurishiga ham biroz to'sqinlik qiladi.

Masalan, Istanbuldan CHimkentga uchayotgan xorijiy kompaniya samolyoti Istanbuldan Toshkentgacha ham shuncha vaqt, shuncha masofa va shuncha yo'lovchi bilan uchadi, agar, zarar qilsa, uchmasdi.

Aviachiptalar bo'yicha xalqaro sayt hisoblangan “Anywayanyday” da ham chiptalar narxidagi farqni ko'rish mumkin.

Birgina xalqaro reyslar emas, balki mahalliy aviaqatnovlarning narxi ham juda qimmat. Misol uchun, 12 fevralga Nukusdan Toshkentga eng arzon (ekonom klass) uchish chiptasi narxi 405508 so'mdan boshlanadi. Parvoz vaqti – 1 soatu 20 daqiqa.

O'zbekiston va Qozog'istonning aviatsiya bozoridagi, masalan, Toshkent – Samarqand yo'nalishi bo'yicha aviachipta narxini ko'rib chiqamiz (parvoz vaqti 50 daqiqa.) Aviasales.uz saytida ushbu yo'nalishda 21 dollar evaziga bilet mavjud.

YAna bir misol. Urganch – Toshkent yo'nalishi bo'yicha aviachiptaning narxi 385 ming so'mdan boshlanadi. Parvoz vaqti – 1 soatu 30 daqiqa. Biroq Nursulton – Almati yo'nalishi bo'yicha eng arzon aviachipta o'sha sana va o'sha parvoz vaqti bilan (1 soat 35 daqiqa) 344 ming so'mni tashkil etadi. Ushbu narx Qozog'iston loukosteri tomonidan taqdim etilgan.

Narx nimalarga bog'liq?

Ba'zan charter reyslar nima o'zi, bizga nega kerak degan tushunmovchiliklar ham kelib chiqadi. CHarter reyslar sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladigan jarayon. Muntazam qatnovlar esa aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi. YOz mavsumida mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun milliy aviakompaniyalarga murojaat qilishadi. Aviakompaniya majburiyatiga esa, samolyot, uchuvchi tarkibi hamda parvoz xavfsizligini ta'minlash kiradi. SHuningdek, Hindiston, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSH, YAponiya va boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari O'zbekistonga tenglik asosida qatnovlarni amalga oshirish uchun to'la huquqqa ega va mamlakatimiz yuridik jihatdan ularga rad javobini bermaydi.

Fuqaro qancha vaqtliroq, ya'ni oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzon tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgani sari tariflar qimmatlashadi. Har bir klass uchun aviachiptalar narxi, qoidaga ko'ra, oldindan tasdiqlanadi va narx keyinchalik o'zgarmaydi.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, aviakompaniya o'z imkoniyat va qulayliklari haqida qanchalik tushuntirishga urinmasin, mavjud kamchiliklardan ko'z yumib bo'lmaydi. Narxlarni minimallashtirish esa yurtdoshlarimizning Qozog'iston yoki Qirg'iziston aviakompaniyalari orqali parvoz qilish o'rniga o'zmizning milliy aviakompaniyamiz orqali parvoz qilishlariga zamin yaratadi.

SHahboz ABDUSATTOROV,

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xodimi