Avstraliya sohillarida bir yarim asr ichidagi kuchli zilzila qayd etildi

    Avstraliyaning Melburn shahrida 6,0 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi, deb xabar bermoqda Reuters.

    Zilzila epitsentri Melburndan 200 km shimoli-sharqda, Viktoriya shtatidagi Mensfild shaharchasi yaqinida boʻlgan. Mamlakat Geologiya xizmati maʼlumotlariga koʻra, zilzila markazi taxminan ikki kilometr chuqurlikda joylashgan.

    Agentlik maʼlumotiga koʻra, bu mamlakatda bir yarim asr ichida sodir boʻlgan eng kuchli zilzilalardan biri boʻlib, u mamlakatning ikkinchi yirik shahridagi binolarning vayron boʻlishi va qoʻshni shtatlarda ham silkinishga olib kelgan.

    “Odamni juda bezovta qilishi mumkin boʻlgan bunday tabiatdagi zilzila Avstraliyada juda kam uchraydi. Shu bois, odamlarning xavotirga tushishiga asos bor. Hozirda bizda jiddiy jarohat yoki holatlar haqida hech qanday maʼlumot yoʻq va bu juda yaxshi xabar”, — dedi Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison.

    Qayd etilishicha, zilzila Adelaida shahri va Sidneyda ham sezilgan. Avstraliyaning 25 millionlik aholisining yarmidan koʻpi Adelaida, Melburn va Sidneyda yashaydi.

    Melburn maʼmuriyati shahar markazidagi koʻp qavatli uylar aholisini evakuatsiya qildi, shuningdek, shahar koʻchalaridagi binolar va yoʻllarga ozgina zarar yetkazilgani haqida xabarlar bor.