Avstriya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik chegaralari kengaytiriladi

    Biznes 4 Dekabr 2023 540

    Vena shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Avstriya hukumatlararo komissiyasining 8-yigʻilishi va biznes-forum boʻlib oʻtdi.

    Tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidov, Avstriya Federal Mehnat va iqtisodiyot vazirligi bosh direktori Florian Frausher, Avstriya Iqtisodiy palatasi vitse-prezidenti Filipp Gadi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Avstriya hukumatlararo komissiyasining 8-yigʻilishi doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish choralari muhokama etildi.

    Keng koʻlamli islohotlar va qulay sarmoyaviy muhit tufayli Avstriya kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi yuqori ekani taʼkidlandi. Koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmayotgan keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

    Tadbirda investitsiyalarni jalb etish mexanizmlari, umummavsumiy turizmni rivojlantirish, “yashil” texnologiyalarni joriy qilish, muqobil energetika, togʻ-kon sanoati, infratuzilma va temir yoʻllarni modernizatsiya qilish, tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish sohasida, chorvachilikni rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Avstriya tomoni mazkur sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 20 dan ortiq takliflarni taqdim etdi.

    Imzolangan yakuniy bayonnomada yaqin kelajakda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisidagi bayon, Havo qatnovi toʻgʻrisidagi bitim, Avstriyaning Oʻzbekistonda tashqi savdo vakolatxonasini ochish, oʻzaro savdo toʻgʻrisidagi axborot bazasini yaxshilash, shuningdek, yirik kompaniyalarning har ikki davlatdagi koʻrgazmalarda ishtirok etishini taʼminlash toʻgʻrisidagi kelishuvlar aks ettirildi.

    Biznes-forum doirasida Oʻzbekistonda kimyo va togʻ-kon sanoati, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash sohalarida amalga oshirilgan qoʻshma loyihalarning muvaffaqiyati haqida taqdimotlar oʻtkazildi. Kimyo, togʻ-kon va geologiya, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash sohalaridagi aniq loyihalarga Avstriya nazorat banki va yetakchi Avstriya kompaniyalari tomonidan moliyalashtirishni jalb etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Tashkil etilgan “B2B” va “G2B” tarzidagi uchrashuv va muzokaralar yakunlari boʻyicha savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” shakllantirildi. Unda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini monitoring qilish mexanizmi ham oʻz aksini topdi.

    Tashrif doirasida Avstriyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham ikki tomonlama muzokaralar olib borildi. Konstruktiv fikr almashish chogʻida sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, chorvachilik, yongʻinga chidamli shisha va izolyatsion materiallar ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.

    Umuman olganda, avstriyalik kompaniyalarning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishi yuqoriligi va mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli qoʻshma loyihalarga sarmoyalarni karra-karra koʻpaytirishga tayyor ekanligi kuzatildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.