Ulan-Batorda Oʻzbekiston–Mongoliya biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 23 Iyun 2025 2026

    Joriy yil 23-iyunda Mongoliya poytaxti Ulan-Bator shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida Oʻzbekiston–Mongoliya biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, hududlar, tarmoq uyushmalari rahbarlari hamda 300 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi. Forum Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi koʻmagida tashkil etildi.

    Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Mongoliya tomoniga esa Mongoliya Bosh vazirining oʻrinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan rahbarlik qildi.

    Tadbir moderatorlari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Ilzat Kasimov va Mongoliya Milliy savdo-sanoat palatasi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Solongo Enxsayxan ishtirok etdi.

    Forum ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Jamshid Xodjayev soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda biznes muhiti va investitsiya jozibadorligini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarga eʼtibor qaratdi. Natijada, mamlakat YAIM ikki barobarga oshib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi, 2024-yilda iqtisodiy oʻsish surʼati 6,5% ni tashkil etdi. Mamlakatga 70 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.

    Oʻzbekiston hukumatining xorijiy investorlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashga va qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga tayyor ekanligi yana bir bor tasdiqlandi.

    Oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun ustuvor yoʻnalishlar belgilandi. Jumladan, savdo sohasida meva-sabzavot mahsulotlari, oʻgʻitlar, qurilish materiallari, farmatsevtika, maishiy texnika, toʻqimachilik, poyafzal, goʻsht, charm, jun mahsulotlari eksporti, savdo uylari va koʻrgazmalar tashkil etish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

    Ikkala davlat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasi charm, jun va kashemirni qayta ishlash, elektr jihozlari, mashinalar va qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish orqali rivojlanadi.

    Qishloq xoʻjaligi va chorvachilik yoʻnalishlarida issiqxonalar qurish, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, hosilni saqlash va qayta ishlash boʻyicha loyihalar ilgari surildi.

    Foydali qazilma konlarini qidirish va oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar katta istiqbollarga ega ekani taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, Mongoliya Bosh vaziri oʻrinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan Oʻzbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhitini yuqori baholab, Mongoliya tadbirkorlarini oʻzbek hamkorlari bilan faol va dadil hamkorlik qilishga chaqirdi.

    Forum yakunida jun, aralash matolar, toʻqimachilik va charm mahsulotlarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishga oid qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Forum doirasida “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlari koʻrgazmasi ochildi, unda oʻzbek ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etildi. B2B va G2B uchrashuvlari oʻtkazildi. Tadbirkorlar amaliy hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qilib, keyingi hamkorlik uchun aniq qadamlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.