Avtomagnitolaning puli qaytarib olindi

    Fargʻona viloyati Quva tumani “Paxtakor” MFYda yashovchi fuqaro “Lasetti jentra” rusumli avtomobil sotib olish uchun Margʻilon shahrida faoliyat olib borayotgan “As-servis” avtosaloni bilan shartnoma tuzadi. Oʻtgan yili 2-avgustda shartnomada koʻrsatilgan summani toʻlaydi.

    Isteʼmolchi bu yil 24-yanvar kuni avtomobilni avtosalondan olib chiqadi. Avtomobil xaridorga yetkazilishidan avval avtosalon rahbariyati mijozga avtomashinaga avtomagnitola qoʻyilmagani, uning puli avtomobil pulidan chegirib berilishi yoki biroz muddat kutsa, avtomagnitola oʻrnatilgan avtomobil berilishini aytadi.

    Mijozga chegirma pulni olish uchun avtosalonga ariza yozib berishi kerakligi tushuntiriladi va isteʼmolchidan yozma ariza qabul qilib olinadi. Shundan keyin mijoz bir necha marotaba avtosalon xodimlariga avtomagnitola pulini soʻrab murojaat qiladi. Biroq avtosalon bilan oʻzaro kelishuvga asosan avtomagnitolaning pulini mijozning plastik kartasiga qaytarish paysalga solinaveradi.

    Bundan norozi boʻlgan fuqaro oxiri Margʻilon shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi. Fuqaroning shikoyati mutaxassislar tomonidan tegishli tartibda qonuniy oʻrganiladi. Avtosalon rahbariga qonun talablari va isteʼmolchining huquqi buzilayotgani, qonuniy javobgarlik mavjudligi tushuntiriladi. Shundan keyin isteʼmolchining plastik kartasiga avtosalon raxbariyati tomonidan 1 067 000 soʻm mablagʻ puli tushirib berildi, deyiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining axborot xizmati xabarida.