Avtomobil sugʻurtasi ham shunday: kutilmaganda yuz beradigan yoʻl- transport hodisasi sabab koʻriladigan zararning muayyan qismi qoplanishiga kafolatdir.

Oʻzbekiston amaliyotida sugʻurtalash me­xanizmi mavjud. Koʻpchilik, hech boʻlmaganda, avtosugʻurta shartnomasini tuzgan. Chunki av­tomobilni davlat roʻyxatidan oʻtkazayotganda, majburiy sugʻurta toʻlovi degan band bor. Bel­gilangan vaqtda bu summa toʻlanmasa, tegishli jarima belgilangan.

Ayni shu toʻlov, odatda, koʻpchilikka malol keladi. Bir tomondan, ushbu sugʻurta turidan foydalanishga zarurat boʻlmaydi deb oʻylasak, boshqa jihatdan, kerakli vaqtda sugʻurta pulini olish uchun ortiqcha qogʻozbozlik va ovo­ragarchilik talab etilishi haqida oʻylaymiz. Shu bois, koʻpchilik sugʻurtaga oddiy toʻlovning bir qismi, shunchaki rasmiyatchilik sifatida qaraydi.

Yurtimizda uzoq yillar davomida ushbu me­xanizm asosan sugʻurta kompaniyalari foydasi­ga ishlab kelgani ham sir emas.

Odamlar ixtiyoriy yoki majburiy sugʻur­ta shartnomalarini imzolaganiga qaramay, zarur hollarda sugʻurta badalini olish imko­ni juda kam edi. Tizimdagi murakkabliklar hozirgacha saqlanib qolgan. Shartnoma tuz­ganlarning koʻpi tovon pulini olish jara­yonida hujjatbozlik, ortiqcha tekshiruvlar, qayta-qayta ariza topshirish, muddat choʻzili­shi yoki toʻlov boʻyicha tortishuvlarga duch ke­ladi. Ayrim hollarda esa fuqaro oʻz huquqini bilmagani uchun mablagʻni ololmaydi. Aslida, sugʻurta oddiy jarayon emas. U huquqiy kafolat, moliyaviy himoya mexanizmi va ijtimoiy barqarorlik vositasi boʻlishi kerak.

Shu bois, davlatimiz rahbarining topshi­rigʻi bilan ushbu tizimni takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qoʻyilgan. Buning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Sugʻurta tizimi ham boshqa barcha soha kabi odamlar uchun ishlashi, qonuniy kafolatga aylanishi va xalqaro standartlarga mos boʻlishi uchun zamonaviy choralar qoʻllanyapti.

Tovon puli qaysi tomonga beriladi?

Keyingi yillarda sohadagi sezilarli rivojlanishlar sabab sugʻurta kompaniyalari soni ortib, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat paydo boʻl­moqda. Odamlarning ham huquqiy savodxonligi oshgan, sugʻurta shartnomalarini shunchaki tuz­may, zarur hollarda tovon pulini talab qila boshladi. Tanlov imkoniyati ham yetarlicha. Bir­gina avtomobil sugʻurtasi boʻyicha oʻnlab kompa­niya xizmatlarini taklif qiladi.

Aslida, hech kim yoʻl-transport hodisasi boʻlishi tarafdori emas. Ammo kutilmaganda turli vaziyat boʻladi. Kichik eʼtiborsizlik sabab istalgan vaqtda koʻngilsizlik roʻy beri­shi mumkin. Bundan aybdor ham, jabrlangan ham birdek zarar koʻradi. Ruhiy yoki jismoniy zarardan tashqari yetkazilgan moddiy zarar koʻlami ham turlicha boʻladi. Baʼzan zararni qoplashga tomonlarning imkoniyati yetmaydi. Shunday vaqtda sugʻurta tovoni zararning muayyan qismini yoki toʻliq qoplashi kerak. Har holda sugʻurta mexanizmi haqidagi tushunchamiz shunday.

Ammo amalda bu tizim qanchalik ishlayapti? Nega hamon yoʻl-transport hodisalaridan keyin sugʻurta tovonini undirish asosiy muam­moga aylanadi? Garchi majburiy avtosugʻurta shartnomasiga ega boʻlsak-da, kompaniya zararni qanchalik qoplab berishi katta soʻroq ostida qoladi. Shu jihatdan odamlarda majburiy avtosugʻurta zarurati, qonunchilik talabla­riga qanchalik mosligi, ixtiyoriy sugʻurtadan farqli jihatlari bilan bogʻliq savollar koʻp paydo boʻladi. Vaholanki, avtomobil egalari har gal belgilangan muddatda yangilab turila­digan majburiy avtosugʻurtadan amalda foyda­lanishni istaydi va qonuniy jihatdan bunga toʻla haqli.

— Mamlakatimizda sugʻurta faoliyati tegishli qonun bilan tartibga solinadi. Qonunchilikka koʻra ushbu tizim yuridik va jismoniy shaxslarning fuqarolik faoliyati­ni sugʻurta qilish, yaʼni sugʻurta hodisasi yuz bergan vaqtda jabrlanuvchining mol-mulki, hayoti yoki unga boshqa xavf-xatarlarda yetkazi­lishi mumkin boʻlgan zararni toʻlab berishni anglatadi, — deydi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Pedagoglar markazi mudiri, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori Zafarjon Rahmonov. — Sugʻurta odatda ixtiyoriy va majburiy koʻri­nishda boʻladi. Avtosugʻurta misolida olsak, ixtiyoriy sugʻurta orqali fuqaro oʻz avtomashi­nasini turli xavf-xatarlardan himoya qiladi. Majburiy sugʻurta esa transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qiladi. Yaʼni davlat majburiy sugʻurta orqali fuqarolarni moliyaviy xavfdan himoya qiladi va haydovchi boshqa shaxsga zarar yetkazsa, ushbu zararni sugʻurta kompaniyasi qoplab beradi.

Gap shundaki, baʼzi fuqarolar birovning avtomobiliga zarar yetkazsa, toʻlov qobiliyati boʻlmagan hollarda qator ovoragarchiliklar ke­lib chiqadi. Natijada jabrlanuvchining uzoq sud jarayonlari, ijro ishlari bilan ovora boʻlishiga toʻgʻri keladi. Majburiy avtosugʻurta esa bunday hollarda jabrlanuvchi uchun ka­folatga aylanadi va koʻrgan zararini qoplab berishga qaratiladi. Shu bois, milliy qonun­chiligimizda yangi mashina xarid qilgan odam 10 kun davomida avtomobilini sugʻurta qildi­rishi, aks holda, unga javobgarlik qoʻllanishi koʻrsatilgan.

Sugʻurta shartnomasi odatda bir yil muddat­ga rasmiylashtiriladi. Ammo undan foydalanish tartibida farq bor. Masalan, majburiy sugʻurtada badal puli toʻlanganidan soʻng bir yil davomida hech qanday yoʻl-transport hodisa­si boʻlmasa, sugʻurta puli qaytarib berilmaydi. Yoki shartnoma bekor qilinsa, qolgan davr uchun toʻlangan badal puli qaytarilmaydi. Ixtiyoriy sugʻurtada esa bir yil ichida toʻlovning qolgan summasini qaytarib olish mumkin. Umuman, maz­kur jarayon tizimda endi rivojlanyapti va hali takomillashtirilishi kerak.

Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishni xalqqa yaqinlashtirish vazifasini qoʻygani bejiz emas. Chunki tizimda yetarlicha kamchiliklar, murakkabliklar, hujjatbozlik bor. Xalqaro tajriba oʻrganilganida yurtimiz amaliyotida, birinchi navbatda, sohadagi ortiqcha qogʻozbozlik va ovoragarchiliklarni kamaytirish kerakligi yaqqol koʻrindi. Shu bois, sohada jahon standartlari, zamonaviy mexanizmlar­ni qoʻllash, elektron ariza berish tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlar bajarilyapti. Bu orqali fuqarolarning huquqiy bilimi ham oshib boradi. Shundagina odamlar sugʻurtaga ixtiyoriy ravishda ehtiyoj seza boshlaydi.

Toʻlov qanday hollarda rad etiladi?

Yaqinda bir tanishim yoʻl-transport hodi­sasiga uchragani, avtomobilining orqasidan bir mashina kelib urgani haqida aytib qoldi. Albatta, hodisa atay sodir etilmagan. Voqea joyiga tegishli organlar vakillari yetib kel­gan. Zarar yetkazgan kishi aybini tan olgan, ammo hozircha imkoniyati yoʻqligi sabab zarar­ni qoplab berolmasligini, jabrlanuvchi sudga berishi mumkinligini bildirgan. Maʼlumki, sud jarayoni uzoq davom etadi, mashinaga yetka­zilgan zararni esa qoplash kerak.

Shunda tegishli tashkilotlar vakillari ikkala haydovchidan avtosugʻurta shartnoma­si bor-yoʻqligi, muddati tugagan-tugamagani haqida soʻragan. Ularning har ikkisida sugʻur­ta shartnomasi boʻlgani sababli tovon puli­ni olish uchun ariza topshirilishi kerakligi tushuntirilgan. Avvaliga ikki tomon bundan quvonib, tovon puli qisqa muddatda undirib berilishiga ishongan. Ammo keyinroq sugʻurta kompaniyasi tovon pulini toʻlamaslik boʻyicha qaror chiqarishi mumkinligi, bu ham ortiqcha ovoragarchilik talab qilishini eshitib, haf­salasi pir boʻlgan.

Haqiqatan, bizda sugʻurta pulini olish ja­rayonida qogʻozbozlik koʻpligi aytiladi. Baʼ­zilar unga ketadigan vaqt, yugur-yugur sabab oʻsha puldan kechib ham ketadi. Ayrim sugʻurta kompaniyalari belgilangan pulni bermaslikka turli vajlar keltiradigan holatlar haqida ham eshitamiz. Ammo bu qonunchilikka qancha­lik toʻgʻri keladi? Umuman, avtomobil uchun sugʻurta badali toʻlanar ekan, kerakli vaqtda undan foydalanish haydovchining qonuniy haqqi emasmi?

— Aslida, sugʻurtadan koʻzlangan maqsad ja­brlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplab berish­ga qaratilgan, — deydi Zafarjon Rahmonov. — Ammo sugʻurta kompaniyasi tegishli tartibda ariza topshirilgandan soʻng holatni oʻrganib, sugʻurta hodisasi yuz bergan deb topganidan keyingina zararni qoplab beradi. Shunda ham kom­paniya yetkazilgan zarar koʻlamiga qarab, qonun­chilikda belgilangan summadan oshib ketmagan holda toʻlaydi. Toʻgʻri, bunda toʻlov juda katta boʻlmasligi mumkin, ammo zararning muayyan qis­mini, baʼzan toʻliq qoplaydi.

Sugʻurta tovon pulini olishning tartibi bor. Transport hodisasi yuz bergan vaqtdan boshlab fuqarolar 72 soat ichida sugʻurta kom­paniyasiga yozma yoki elektron tarzda ariza orqa­li xabar berishi kerak. Sugʻurta tashkilotiga aloqaga chiqish imkoni boʻlmagan vaqtlar uzrli deb topiladi, ammo elektron ariza yuborilgan vaqt huquqiy asos hisoblanadi. Koʻrsatil­gan vaqt oraligʻi sugʻurta tashkilotining ish kuniga toʻgʻri kelmasligi holati esa bundan mustasno.

Ikkinchi talab shuki, transport hodisasi sodir boʻlgani haqida yoʻl harakati xavfsiz­ligi organiga xabar berilishi kerak. Hodisa joyida dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Soʻng transport vositasiga yetkazilgan zararni oʻsha joyning oʻzida baholatish kerak. Ana shu hujjatlar ilova qilingan holda sugʻurta kom­paniyasiga ariza beriladi.

Tartibga koʻra, sugʻurtalovchi tashkilot arizani 15 ish kunida koʻrib chiqib, javob berishi kerak. Agar sugʻurta hodisasi tas­diqlansa, qaror qabul qilinganidan soʻng 5 ish kuni ichida tovon puli toʻlanishi shart. Muddatni kechiktirish noqonuniy hisoblanadi.

Ariza topshirilgach, sugʻurta kompaniyasi haqiqatan baxtsiz hodisa boʻlgani va boshqa jihatlarni oʻrganganidan keyingina tovon puli­ni toʻlash boʻyicha tegishli qaror chiqaradi. Bunda toʻlov rad etilishi ham mumkin. Masalan, yuz ber­gan transport hodisasi sugʻurta shartnomasiga kirmaydigan holatda, ariza topshirish muddati uzrli sabablarsiz buzilganda, transport vosita­siga qasddan yetkazilgan zarar isbotlanganda yoki mast holda transport boshqarilgan vaziyatlarda sugʻurta kompaniyasi toʻlovdan bosh tortishi qonu­niy holat boʻladi. Agar fuqaro koʻrsatilgan sa­bab va chiqarilgan qarordan norozi boʻlsa, sudga yoki nazorat qiluvchi vakolatli organlarga muro­jaat qilishi mumkin.

Yana bir jihati, sugʻurta tovon puli avto­mobil bilan sodir boʻladigan tasodifiy bax­tsiz hodisalarda ham toʻlab berilishi mumkin. Bunday holatlarda ham sugʻurta kompaniyasiga ariza bilan murojaat qilinadi. Masalan, ma­shina ustiga daraxt agʻanab ketsa yoki avtomobil egasi yoʻl nosozligi yoki boshqa ikkilamchi omillar sabab ulovni biror joyga urib olsa, tovon puli undirilishi mumkin. Faqat fuqaro chindan baxtsiz hodisa sodir boʻlganini isbot­lab berishi kerak. Bunda voqea joyiga YPX xodimlari yoki profilaktika inspektorlarini chaqirish yoxud kamera yozuvi orqali olingan da­lillarni taqdim etishi zarur. Shundan keyin jarayonni sugʻurta kompaniyasi oʻrganadi, mashi­naning texnik jihatdan sozligini tekshiradi. Agar haqiqatan avtomobilning oʻziga bogʻliq boʻlmagan holda baxtsiz hodisa yuz bergan deb topilsa, yetkazilgan zarar sugʻurta asosida bel­gilangan tartibda qoplab beriladi.

* * *

Gap faqat sugʻurta pulini toʻladikmi, tovon pulini ham, albatta, undirishimiz kerakligida emas. Gap ushbu amaliyot haqiqatan ishlashi, barcha tomon manfaati hamda belgilangan va­zifaga xizmat qilishida. Yaʼni sugʻurta shun­chaki keraksiz yoki majburiy toʻlov emas, balki amaldagi ishonch, huquqiy kafolat belgisiga aylanishi kerak. Sohani rivojlantirish hara­katlari esa ayni maqsadlarga xizmat qilishi lozim.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri