Avtomobil sugʻurtasi ham shunday: kutilmaganda yuz beradigan yoʻl- transport hodisasi sabab koʻriladigan zararning muayyan qismi qoplanishiga kafolatdir.
Oʻzbekiston amaliyotida sugʻurtalash mexanizmi mavjud. Koʻpchilik, hech boʻlmaganda, avtosugʻurta shartnomasini tuzgan. Chunki avtomobilni davlat roʻyxatidan oʻtkazayotganda, majburiy sugʻurta toʻlovi degan band bor. Belgilangan vaqtda bu summa toʻlanmasa, tegishli jarima belgilangan.
Ayni shu toʻlov, odatda, koʻpchilikka malol keladi. Bir tomondan, ushbu sugʻurta turidan foydalanishga zarurat boʻlmaydi deb oʻylasak, boshqa jihatdan, kerakli vaqtda sugʻurta pulini olish uchun ortiqcha qogʻozbozlik va ovoragarchilik talab etilishi haqida oʻylaymiz. Shu bois, koʻpchilik sugʻurtaga oddiy toʻlovning bir qismi, shunchaki rasmiyatchilik sifatida qaraydi.
Yurtimizda uzoq yillar davomida ushbu mexanizm asosan sugʻurta kompaniyalari foydasiga ishlab kelgani ham sir emas.
Odamlar ixtiyoriy yoki majburiy sugʻurta shartnomalarini imzolaganiga qaramay, zarur hollarda sugʻurta badalini olish imkoni juda kam edi. Tizimdagi murakkabliklar hozirgacha saqlanib qolgan. Shartnoma tuzganlarning koʻpi tovon pulini olish jarayonida hujjatbozlik, ortiqcha tekshiruvlar, qayta-qayta ariza topshirish, muddat choʻzilishi yoki toʻlov boʻyicha tortishuvlarga duch keladi. Ayrim hollarda esa fuqaro oʻz huquqini bilmagani uchun mablagʻni ololmaydi. Aslida, sugʻurta oddiy jarayon emas. U huquqiy kafolat, moliyaviy himoya mexanizmi va ijtimoiy barqarorlik vositasi boʻlishi kerak.
Shu bois, davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan ushbu tizimni takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qoʻyilgan. Buning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Sugʻurta tizimi ham boshqa barcha soha kabi odamlar uchun ishlashi, qonuniy kafolatga aylanishi va xalqaro standartlarga mos boʻlishi uchun zamonaviy choralar qoʻllanyapti.
Tovon puli qaysi tomonga beriladi?
Keyingi yillarda sohadagi sezilarli rivojlanishlar sabab sugʻurta kompaniyalari soni ortib, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat paydo boʻlmoqda. Odamlarning ham huquqiy savodxonligi oshgan, sugʻurta shartnomalarini shunchaki tuzmay, zarur hollarda tovon pulini talab qila boshladi. Tanlov imkoniyati ham yetarlicha. Birgina avtomobil sugʻurtasi boʻyicha oʻnlab kompaniya xizmatlarini taklif qiladi.
Aslida, hech kim yoʻl-transport hodisasi boʻlishi tarafdori emas. Ammo kutilmaganda turli vaziyat boʻladi. Kichik eʼtiborsizlik sabab istalgan vaqtda koʻngilsizlik roʻy berishi mumkin. Bundan aybdor ham, jabrlangan ham birdek zarar koʻradi. Ruhiy yoki jismoniy zarardan tashqari yetkazilgan moddiy zarar koʻlami ham turlicha boʻladi. Baʼzan zararni qoplashga tomonlarning imkoniyati yetmaydi. Shunday vaqtda sugʻurta tovoni zararning muayyan qismini yoki toʻliq qoplashi kerak. Har holda sugʻurta mexanizmi haqidagi tushunchamiz shunday.
Ammo amalda bu tizim qanchalik ishlayapti? Nega hamon yoʻl-transport hodisalaridan keyin sugʻurta tovonini undirish asosiy muammoga aylanadi? Garchi majburiy avtosugʻurta shartnomasiga ega boʻlsak-da, kompaniya zararni qanchalik qoplab berishi katta soʻroq ostida qoladi. Shu jihatdan odamlarda majburiy avtosugʻurta zarurati, qonunchilik talablariga qanchalik mosligi, ixtiyoriy sugʻurtadan farqli jihatlari bilan bogʻliq savollar koʻp paydo boʻladi. Vaholanki, avtomobil egalari har gal belgilangan muddatda yangilab turiladigan majburiy avtosugʻurtadan amalda foydalanishni istaydi va qonuniy jihatdan bunga toʻla haqli.
— Mamlakatimizda sugʻurta faoliyati tegishli qonun bilan tartibga solinadi. Qonunchilikka koʻra ushbu tizim yuridik va jismoniy shaxslarning fuqarolik faoliyatini sugʻurta qilish, yaʼni sugʻurta hodisasi yuz bergan vaqtda jabrlanuvchining mol-mulki, hayoti yoki unga boshqa xavf-xatarlarda yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni toʻlab berishni anglatadi, — deydi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Pedagoglar markazi mudiri, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori Zafarjon Rahmonov. — Sugʻurta odatda ixtiyoriy va majburiy koʻrinishda boʻladi. Avtosugʻurta misolida olsak, ixtiyoriy sugʻurta orqali fuqaro oʻz avtomashinasini turli xavf-xatarlardan himoya qiladi. Majburiy sugʻurta esa transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qiladi. Yaʼni davlat majburiy sugʻurta orqali fuqarolarni moliyaviy xavfdan himoya qiladi va haydovchi boshqa shaxsga zarar yetkazsa, ushbu zararni sugʻurta kompaniyasi qoplab beradi.
Gap shundaki, baʼzi fuqarolar birovning avtomobiliga zarar yetkazsa, toʻlov qobiliyati boʻlmagan hollarda qator ovoragarchiliklar kelib chiqadi. Natijada jabrlanuvchining uzoq sud jarayonlari, ijro ishlari bilan ovora boʻlishiga toʻgʻri keladi. Majburiy avtosugʻurta esa bunday hollarda jabrlanuvchi uchun kafolatga aylanadi va koʻrgan zararini qoplab berishga qaratiladi. Shu bois, milliy qonunchiligimizda yangi mashina xarid qilgan odam 10 kun davomida avtomobilini sugʻurta qildirishi, aks holda, unga javobgarlik qoʻllanishi koʻrsatilgan.
Sugʻurta shartnomasi odatda bir yil muddatga rasmiylashtiriladi. Ammo undan foydalanish tartibida farq bor. Masalan, majburiy sugʻurtada badal puli toʻlanganidan soʻng bir yil davomida hech qanday yoʻl-transport hodisasi boʻlmasa, sugʻurta puli qaytarib berilmaydi. Yoki shartnoma bekor qilinsa, qolgan davr uchun toʻlangan badal puli qaytarilmaydi. Ixtiyoriy sugʻurtada esa bir yil ichida toʻlovning qolgan summasini qaytarib olish mumkin. Umuman, mazkur jarayon tizimda endi rivojlanyapti va hali takomillashtirilishi kerak.
Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishni xalqqa yaqinlashtirish vazifasini qoʻygani bejiz emas. Chunki tizimda yetarlicha kamchiliklar, murakkabliklar, hujjatbozlik bor. Xalqaro tajriba oʻrganilganida yurtimiz amaliyotida, birinchi navbatda, sohadagi ortiqcha qogʻozbozlik va ovoragarchiliklarni kamaytirish kerakligi yaqqol koʻrindi. Shu bois, sohada jahon standartlari, zamonaviy mexanizmlarni qoʻllash, elektron ariza berish tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlar bajarilyapti. Bu orqali fuqarolarning huquqiy bilimi ham oshib boradi. Shundagina odamlar sugʻurtaga ixtiyoriy ravishda ehtiyoj seza boshlaydi.
Toʻlov qanday hollarda rad etiladi?
Yaqinda bir tanishim yoʻl-transport hodisasiga uchragani, avtomobilining orqasidan bir mashina kelib urgani haqida aytib qoldi. Albatta, hodisa atay sodir etilmagan. Voqea joyiga tegishli organlar vakillari yetib kelgan. Zarar yetkazgan kishi aybini tan olgan, ammo hozircha imkoniyati yoʻqligi sabab zararni qoplab berolmasligini, jabrlanuvchi sudga berishi mumkinligini bildirgan. Maʼlumki, sud jarayoni uzoq davom etadi, mashinaga yetkazilgan zararni esa qoplash kerak.
Shunda tegishli tashkilotlar vakillari ikkala haydovchidan avtosugʻurta shartnomasi bor-yoʻqligi, muddati tugagan-tugamagani haqida soʻragan. Ularning har ikkisida sugʻurta shartnomasi boʻlgani sababli tovon pulini olish uchun ariza topshirilishi kerakligi tushuntirilgan. Avvaliga ikki tomon bundan quvonib, tovon puli qisqa muddatda undirib berilishiga ishongan. Ammo keyinroq sugʻurta kompaniyasi tovon pulini toʻlamaslik boʻyicha qaror chiqarishi mumkinligi, bu ham ortiqcha ovoragarchilik talab qilishini eshitib, hafsalasi pir boʻlgan.
Haqiqatan, bizda sugʻurta pulini olish jarayonida qogʻozbozlik koʻpligi aytiladi. Baʼzilar unga ketadigan vaqt, yugur-yugur sabab oʻsha puldan kechib ham ketadi. Ayrim sugʻurta kompaniyalari belgilangan pulni bermaslikka turli vajlar keltiradigan holatlar haqida ham eshitamiz. Ammo bu qonunchilikka qanchalik toʻgʻri keladi? Umuman, avtomobil uchun sugʻurta badali toʻlanar ekan, kerakli vaqtda undan foydalanish haydovchining qonuniy haqqi emasmi?
— Aslida, sugʻurtadan koʻzlangan maqsad jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplab berishga qaratilgan, — deydi Zafarjon Rahmonov. — Ammo sugʻurta kompaniyasi tegishli tartibda ariza topshirilgandan soʻng holatni oʻrganib, sugʻurta hodisasi yuz bergan deb topganidan keyingina zararni qoplab beradi. Shunda ham kompaniya yetkazilgan zarar koʻlamiga qarab, qonunchilikda belgilangan summadan oshib ketmagan holda toʻlaydi. Toʻgʻri, bunda toʻlov juda katta boʻlmasligi mumkin, ammo zararning muayyan qismini, baʼzan toʻliq qoplaydi.
Sugʻurta tovon pulini olishning tartibi bor. Transport hodisasi yuz bergan vaqtdan boshlab fuqarolar 72 soat ichida sugʻurta kompaniyasiga yozma yoki elektron tarzda ariza orqali xabar berishi kerak. Sugʻurta tashkilotiga aloqaga chiqish imkoni boʻlmagan vaqtlar uzrli deb topiladi, ammo elektron ariza yuborilgan vaqt huquqiy asos hisoblanadi. Koʻrsatilgan vaqt oraligʻi sugʻurta tashkilotining ish kuniga toʻgʻri kelmasligi holati esa bundan mustasno.
Ikkinchi talab shuki, transport hodisasi sodir boʻlgani haqida yoʻl harakati xavfsizligi organiga xabar berilishi kerak. Hodisa joyida dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Soʻng transport vositasiga yetkazilgan zararni oʻsha joyning oʻzida baholatish kerak. Ana shu hujjatlar ilova qilingan holda sugʻurta kompaniyasiga ariza beriladi.
Tartibga koʻra, sugʻurtalovchi tashkilot arizani 15 ish kunida koʻrib chiqib, javob berishi kerak. Agar sugʻurta hodisasi tasdiqlansa, qaror qabul qilinganidan soʻng 5 ish kuni ichida tovon puli toʻlanishi shart. Muddatni kechiktirish noqonuniy hisoblanadi.
Ariza topshirilgach, sugʻurta kompaniyasi haqiqatan baxtsiz hodisa boʻlgani va boshqa jihatlarni oʻrganganidan keyingina tovon pulini toʻlash boʻyicha tegishli qaror chiqaradi. Bunda toʻlov rad etilishi ham mumkin. Masalan, yuz bergan transport hodisasi sugʻurta shartnomasiga kirmaydigan holatda, ariza topshirish muddati uzrli sabablarsiz buzilganda, transport vositasiga qasddan yetkazilgan zarar isbotlanganda yoki mast holda transport boshqarilgan vaziyatlarda sugʻurta kompaniyasi toʻlovdan bosh tortishi qonuniy holat boʻladi. Agar fuqaro koʻrsatilgan sabab va chiqarilgan qarordan norozi boʻlsa, sudga yoki nazorat qiluvchi vakolatli organlarga murojaat qilishi mumkin.
Yana bir jihati, sugʻurta tovon puli avtomobil bilan sodir boʻladigan tasodifiy baxtsiz hodisalarda ham toʻlab berilishi mumkin. Bunday holatlarda ham sugʻurta kompaniyasiga ariza bilan murojaat qilinadi. Masalan, mashina ustiga daraxt agʻanab ketsa yoki avtomobil egasi yoʻl nosozligi yoki boshqa ikkilamchi omillar sabab ulovni biror joyga urib olsa, tovon puli undirilishi mumkin. Faqat fuqaro chindan baxtsiz hodisa sodir boʻlganini isbotlab berishi kerak. Bunda voqea joyiga YPX xodimlari yoki profilaktika inspektorlarini chaqirish yoxud kamera yozuvi orqali olingan dalillarni taqdim etishi zarur. Shundan keyin jarayonni sugʻurta kompaniyasi oʻrganadi, mashinaning texnik jihatdan sozligini tekshiradi. Agar haqiqatan avtomobilning oʻziga bogʻliq boʻlmagan holda baxtsiz hodisa yuz bergan deb topilsa, yetkazilgan zarar sugʻurta asosida belgilangan tartibda qoplab beriladi.
* * *
Gap faqat sugʻurta pulini toʻladikmi, tovon pulini ham, albatta, undirishimiz kerakligida emas. Gap ushbu amaliyot haqiqatan ishlashi, barcha tomon manfaati hamda belgilangan vazifaga xizmat qilishida. Yaʼni sugʻurta shunchaki keraksiz yoki majburiy toʻlov emas, balki amaldagi ishonch, huquqiy kafolat belgisiga aylanishi kerak. Sohani rivojlantirish harakatlari esa ayni maqsadlarga xizmat qilishi lozim.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri