Qayd etilishicha, 2024-yilning 1-noyabridan boshlab Piskent sinov majmuasida avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglamentga muvofiq sinovlardan oʻtkazilgan.
Tahlil natijalariga koʻra, respublikamizga texnik reglamentga muvofiq, transport turi maʼqullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani sababli, ularning sinovlari birma-bir oʻtkazilishiga sabab boʻlgan.
Yurtimizda 2024-yilgacha faqatgina 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan boʻlsa, ular atigi 15 ta avtomodel uchun turini maʼqullash hujjatini olgan edi xolos.
Hozirgi kunda esa, 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari oʻz faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini maʼqullash hujjatlari rasmiylashtirildi.
Buning natijasida isteʼmolchilarga sifati va xavfsizligi taʼminlangan, hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirildi. Natijada isteʼmolchilarga rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi.
Shu munosabat bilan, respublikamizda rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda isteʼmolchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganligini inobatga olib, 2025-yil 2-sentyabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan oʻtkazish amaliyoti toʻxtatiladi.
Maʼlumot oʻrnida, yurtimizga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini taʼminlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga koʻra, nomuvofiqliklar aniqlanganda, isteʼmolchilardan eʼtirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
Oʻz oʻrnida yurtdoshlarimizga avtomobil xaridini rasmiy dilerlar orqali amalga oshirishlari tavsiya etiladi.








