Avtomobilni boshqarish uchun ishonchnomaga uni chet elga olib chiqish huquqini kiritish taklif qilinmoqda

    Vazirlar Mahkamasi tomonidan avtomototransport vositalari bilan bogʻliq ishonchnomalar tartibini takomillashtirish yuzasidan hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

    Loyihaga koʻra, ishonchnoma orqali avtomobildan foydalanishda uni chet davlatga olib chiqish huquqi bor yoki yoʻqligi alohida tarzda koʻrsatilishi shart boʻladi. Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.

    Hujjat loyihasi avtomobil egalari huquqlarini ishonchli himoya qilish, chetga olib chiqilgan transport vositalari yuzasidan yuzaga kelayotgan huquqiy bahslarni kamaytirish hamda ishonchnoma orqali beriladigan vakolatlarga aniqlik kiritishni koʻzda tutadi.

    Loyihada nima taklif etilmoqda?

    1. 2006-yildagi 38-son qarorga qoʻshimcha:
    • Ishonchnomada: “Avtomototransport vositasini chet elga olib chiqish huquqi mavjud” yoki “mavjud emas” degan yozuv majburiy boʻlishi taklif qilinmoqda.
    1. 2020-yildagi 726-son qarorga oʻzgartish:
    • Notariuslar ishonchnoma tuzganda ushbu huquq haqida alohida qayd etishlari shart boʻladi.
    1. 2023-yildagi 613-son qarorga tuzatish:
    • Elektron ishonchnomalar shaklida ham chetga olib chiqish huquqi mavjud yoki yoʻqligi aniq koʻrsatilishi talab qilinadi.

    Soʻnggi yillarda ishonchnoma asosida avtomobildan foydalanish holatlari koʻpaymoqda. Ayrim hollarda esa ishonchnoma orqali berilgan avtomobillar chet elga olib chiqilib, qaytarilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Hujjatda keltirilgan statistikaga koʻra, 2024-yilda 50 ga yaqin fuqarolarga tegishli transport vositalarining olib chiqilib, qaytarilmagani aniqlangan. 2025-yil iyun oyining oʻzida 8 ta shunday holat qayd etilgan. Loyiha shu kabi mojarolarning oldini olishga qaratilgan.