Avtomobilni ijaraga olishda firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin

    Bilasizmi? 26 Fevral 2021 859

    Respublika boʻyicha jabrlangan isteʼmolchilar soni 830 tani, zararning umumiy summasi 5,5 mlrd soʻmdan ortiq miqdorni tashkil etadi. Avtomobilni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing xizmatlarini koʻrsatish orqali foyda olish bilan shugʻullanuvchi ayrim tadbirkorlik subyektlarining faoliyati ustidan shikoyat qilgan isteʼmolchilarning murojaatlari soni shunchaga yetdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurot XAITMETOV bunday vaziyatlarning yuzaga kelish sabablari va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish usullari haqida batafsil gapirib berdi.

    – Nima uchun tuziladigan shartnomalarda isteʼmolchilar huquqlari hisobga olinmaydi?

    – Shartnoma tuzishda ushbu shartnoma turi qandayligini – keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing ekanligini aniqlashtirib olish muhimdir. Bundan kelib chiqib tomonlarning majburiyatlari va javobgarligi belgilanadi.

    Kompaniya isteʼmolchiga roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etishi lozim. Isteʼmolchining talabiga koʻra shartnoma notarial tasdiqlanmagan taqdirda, qatʼiy aytish mumkinki, tuziladigan shartnoma lizing hisoblanmaydi. Bunday alomatlar lizing obyektining sugʻurta shartnomasi mavjud emasligini anglatishi mumkin.

    Shartnoma tuzishda tomonlarning majburiyatlari va javobgarligini sinchiklab oʻrganib chiqish lozim. Amaliyotda noinsof kompaniyalar shartnomada faqat avtotransport vositasini oladigan isteʼmolchining javobgarligini koʻrsatadilar, bu esa ular zarar koʻrishlari, koʻp holatlarda avtomobildan mahrum boʻlishlariga olib keladi.

    – Avtotransport ijarasi yuzasidan shartnomalar tuzishda qanday huquqbuzarliklar aniqlangan?

    – Boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi shartnomani, shuningdek avtotransportni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bir qator punktlarning “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga nomuvofiqligi belgilangan:

    1. Boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi shartnomalarda transport vositalarining toʻliq qiymati belgilanmagan, shuningdek boʻnak toʻlovi belgilanadigan avtomobilning qiymati koʻrsatilmagan. “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq isteʼmolchilar tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqida ishonchli va toʻliq maʼlumot olishga haqlidirlar.

    2. Boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi shartnomada isteʼmolchilardan ijaraga olish uchun hujjatlarni toʻplash, tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun isteʼmolchilardan shartnoma summasidan foizlar undirish nazarda tutilmagan. Shuningdek quyidagi xarajatlarni – yoʻl jamgʻarmasiga toʻlovlar, notarial xarajatlar, obyektni sugʻurtalash, texnik pasportni roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari, schyot-maʼlumotnoma, bank xarajatlari, DAN (garaj) xarajatlarini qoplash uchun mablagʻlar undirilishi toʻgʻrisidagi band mavjud. Ushbu xarajatlar qisman takrorlanadi, bu esa yuqorida aytib oʻtilgan Qonunning 21-moddasi ikkinchi xatboshisiga ziddir, unga muvofiq ijro etuvchi qoʻshimcha hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun toʻlov undirishga haqli boʻlmaydi.

    3. Yuqorida aytib oʻtilgan Qonunning 19-moddasida belgilangan majburiyatlarning oʻz vaqtida bajarilmaganligi yoki umuman bajarilmaganligi uchun tashkilot toʻlaydigan neustoyka qiymati qayd etilmagan.

    4. Shartnoma shartlari baʼzida isteʼmolchilarni avtomobilni ijaraga beradigan kompaniya rahbarining kayfiyatiga bogʻliq boʻladigan holatlarga ham tushirib qoʻyishi mumkin.

    – Isteʼmolchi avtotransportni ijaraga olayotganda yana nimalarga eʼtibor berishi lozim?

    – Aldanib qolgan isteʼmolchilar bir necha oy davomida adolat oʻrnata olmagach, Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qildilar. Koʻpincha noinsof tashkilotlar shunday usulni qoʻllashadiki, bunda boʻnak toʻlovlari toʻgʻrisidagi shartnoma boshqa firma bilan, avtomobil ijarasi boʻyicha shartnoma keyinchalik sotib olish sharti bilan boshqa firma bilan tuziladi. Bunda birinchi va ikkinchi firmalar bitta muassisga tegishli boʻladi. Bu nafaqat qonunni qoʻpol ravishda buzish, balki isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish va fuqarolarning isteʼmolchilik huquqini tiklash jarayonini ancha murakkablashtiradi.

    Bundan tashqari, tashkilot tomonidan avtomobil belgilangan muddatda isteʼmolchiga berilmagan yoki toʻlovchining foydasiga qayta hisob-kitob qilinmasdan pasaytirilgan qiymat boʻyicha boshqa avtotransport vositasi taqdim etilgan holatlar ham uchrab turadi. Shuningdek dastlabki toʻlovni toʻlab, bir necha oy mobaynida (shartnoma boʻyicha 120 ish kuni) vaʼda qilingan avtomobilning berilishini kutayotgan isteʼmolchiga tashkilot shartnomada qayd etilmagan talablar boʻyicha yuqori qiymatdagi avtomobillarning uchtasidan birini tanlashni taklif etgan holatlarga duch kelinmoqda.

    Avtomobilni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olib aldanib qolgan isteʼmolchidan dastlabki murojaat oʻtgan yilning yanvar oyida kelib tushgan boʻlsa, bugungi kunda noinsof tadbirkorlik subyektlarining faoliyatidan jabr koʻrgan isteʼmolchilarning soni 830 nafarga yetdi. Agentlik isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga va ularga 5,5 mlrd soʻmdan ortiq miqdorda koʻrilgan zarar summasini qaytarishga muvaffaq boʻldi.

    EʼTIBOR BERING!

    Ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha foiz stavkasi MBning qayta moliyalashtirish stavkasidan (joriy yilning fevral holatiga koʻra yillik 14%) kam boʻlmasligi kerak. Aks holda bu tadbirkor uchun foydali boʻlmasligi mumkin.

    Shartnoma tuzishdan oldin uni sinchiklab oʻrganib chiqing va mustaqil faoliyat yuritadigan yuristlar bilan maslahatlashib koʻring. Oʻzingizga koʻproq tushunarli boʻlgan tilda – oʻzbek yoki rus tilida shartnoma tuzilishini talab qiling.

    Transport vositasining toʻliq qiymati shartnomada koʻrsatilishi lozim.

    Ijara muddati 1 oydan oshsa va bunda xarajatlar transport vositasini taqdim etadigan kompaniya tomonidan toʻlanadigan boʻlsa, transport vositasining ijara shartnomasi notarial tasdiqlanishini talab qiling.

    Shartnoma tuzmoqchi boʻlgan kompaniyangiz haqida mijozlar qanday fikrda ekanliklari bilan qiziqib koʻring.

    Shartnoma tuzishdan oldin va tuzilgandan keyin savollar yuzaga kelganda Agentlikka murojaat qiling. Vakolatli xodimlar sizga zarur tushuntirishlar va maslahatlar beradilar.

    Lola Abduazimova.