Hozirgi kunda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotgan avtomobilning old kapoti hamda yon tomon ustunlariga qora rangli plyonka yopishtirganligi natijasida Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan MJtKning 125-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etganligi, yaʼni tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositasini boshqarganligi uchun jarima jazosi qoʻllanilganligi hamda avtotransport vositasi bugungi kunga qadar mazkur Kodeksning 291-moddasi asosida vaqtincha ushlab turilganligi maʼlum qilingan.
Mazkur holatda Adliya vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining fuqaroga nisbatan maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash bilan bogʻliq harakatlari qonunchilik normalariga zid hisoblaydi.
Xususan, MJTKning 125-moddasi uchinchi qismida haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi boʻlgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi uchun javobgarlik belgilangan.
Avtotransport vositalarini qayta jihozlash bilan bogʻliq masalalar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisida yagona nizomning 26-ilovasiga muvofiq Avtotransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma pasportida koʻrsatib oʻtilgan.
Mazkur pasportning 12-bandida avtotransport vositasi qayta jihozlangan deb tan olinadigan oʻzgarishlar roʻyxati koʻrsatilgan boʻlib, mazkur roʻyxatda avtotransportning kapot yoki boshqa qismlari rangi oʻzgartirilishi nazarda tutilmagan va bu holat uchun ruxsatnoma talab qilinishi belgilanmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20 va 55-moddalariga koʻra, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak.
Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.
Shunga koʻra, kelgusida yuqoridagi holatlarni oldini olish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 17-oktyabrda Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi.