Bu haqda Hukumat qarori (750-son, 28.11.2025-y.) bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda belgilandi.
Nizomga koʻra, transport vositasining ekologik toifasi uning ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinfiga muvofiq belgilanadi.
Bunda transport vositalari quyidagi mezonlarga koʻra ekologik toifalarga ajratiladi:
- benzin, siqilgan va suyultirilgan gaz yoqilgʻisi bilan harakatlanuvchi:
▪️ “Yevro-2” va undan yuqori ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari – “toza” ekologik toifaga;
▪️ “Yevro-0” va “Yevro-1” ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari – “oʻrta” ekologik toifaga;
- dizel yoqilgʻi turi bilan harakatlanuvchi:
▪️ “Yevro-4” va undan yuqori ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari – “toza” ekologik toifaga;
▪️ “Yevro-3” ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari – “oʻrta” ekologik toifaga;
▪️ “Yevro-0”, “Yevro-1” va “Yevro-2” ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari – “zararli” ekologik toifaga;
- gibrid avtomobillar, muqobil yoqilgʻi turlarida xarakatlanuvchi transport vositalari hamda ishlab chiqarilganiga 3-yildan oshmagan transport vositalari – “toza” ekologik toifaga.
Transport vositalarini roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida ularning toifalariga mos ravishda “yashil”, “sariq” yoki “qizil” rangli ekologik stikerlar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarida ekologik operatorlar tomonidan beriladi.
Transport egasi ixtiyoriy ravishda ekologik stiker olish uchun Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga uning rasmiy veb-sayti yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi.
Ariza belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlganda, trasport vositasiga uning ekologik toifasiga mos boʻlgan ekologik stikerlardan biri taqdim etiladi.
Ekologik stikerlar muddatsiz davrga beriladi.