Mazkur hujjat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi va iqtisodiyot tarmoqlari uchun oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, taʼlim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash, yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida tayyorlangan.
Texnikumlar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining huzurida faoliyat yuritadigan yuridik shaxs hisoblanadi va ular faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.
Texnikumlarda kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3 yoki 4-darajasiga mos taʼlim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida taʼlim olish” prinsipi asosida kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar hisobidan shakllantirilgan guruhlarda kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.
Texnikumlarda oʻquv jarayoni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamda tegishli oliy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilarini jalb qilgan holda anʼanaviy va masofaviy taʼlim shaklida olib boriladi.