Axborot sohasida yangi loyihalarni joriy etishda sunʼiy yoʻldoshdan foydalaniladi

    Raqamlashtirish 24 May 2022 1534

    “RRTM” DUK va SES kompaniyasi oʻrtasida sunʼiy yoʻldosh orqali teleradioeshittirish va maʼlumotlarni uzatish yoʻnalishida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi.

    “RRTM” DUK 2015-yildan buyon SES kompaniyasi bilan hamkorlikda NSS 12 sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimidan foydalangan holda respublikamizning aloqa infrastrukturasi mavjud boʻlmagan, olis aholi yashash hududlarida oʻrnatilgan kam quvvatli uzatgichlarga televizion signallarini yetkazib berish orqali umumfoydalanishdagi teleradiokanallar qamrovi bilan taʼminlash bilan birga, Markaziy Osiyo va Kaspiy hududlarida ham ochiq formatda teleradiokanallarni koʻrish imkoniyatlari yaratilgan.

    Bugungi kunda NSS 12 sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimi orqali ochiq formatda umumfoydalanishdagi televizion paketidagi 12 ta telekanallar (Oʻzbekiston-24, Oʻzbekiston, Yoshlar, Sport, Madaniyat va maʼnaviyat, Dunyo boʻylab, Oʻzbekiston tarixi, Bolajon, Mahalla, Kinoteatr, Navo, Foreign Languages) va 4 ta radiokanal (Oʻzbekiston-24, Oʻzbekiston, Yoshlar, Mahalla) hamda Xalq taʼlim vazirligining 3 ta onlayn-maktab rukni ostida telekanallar uzatilishi taʼminlab kelinyapti.

    SES kompaniyasi taklifiga binoan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari rivojlantirish vazirligi vakillari, “RRTM” DUK “Uzdigital” MCHJ rahbariyati SES kompaniyasining Lyuksemburg davlatidagi bosh ofisiga tashrif buyurdi.

    Tashrif davomida SES kompaniyasining DTT (Digital Terrestrial Television), DTH (Direct To Home), OTT (Over-The-Top), Broadband Keng polosali (keng polosali maʼlumotlarni uzatish xizmatlari), SKALA (boshqariladigan xizmatlar) yangi texnologiyalari bilan yaqindan tanishildi.

    Shuningdek, SES kompaniyasi rahbariyati bilan sunʼiy yoʻldosh orqali teleradioeshittirish va maʼlumotlarni uzatish yoʻnalishdagi yangi loyihalarni joriy etish va mavjud imkoniyatlarni yanada rivojlantirish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.