Muzey rahbari, faqih olim, arab tilini mukammal biluvchi mutaxassis Bilolxon Rustamov tomonidan kitoblar qisman tadqiq qilinganda ular orasida 1200-yil avval bitilgan Kalom ilmi - aqoid, kalom falsafasiga oid noyob kitob borligi aniqlandi, deya xabar beradi Media Departament kanali.
- Zeru zabarsiz yozilgan ushbu kitob bizga Islom sivivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafini eslatadi. Bu uslubda faqat VII -VIII asrlarda kitob bitilgan. Undan soʻng zeru zabar bilan yozilgan. Shu omil bizga ushbu kitobni qadimiyligidan dalolat berib turibdi, - deydi Bilolxon Rustamov.
Ushbu qoʻlyozma Markaziy Osiyodagi eng nodir topilma sifatida baholanmoqda.
Muallifi Abulfayz Fayziy boʻlgan tabobat, duo, virdlar toʻplamidan iborat XVI asrga oid qoʻlyozma ham ahamiyatliligi jihatidan birinchi topilmadan kam emas. U Sultonil Aʼzam va hoqonil Akram Abulfath Jaloliddin Muhammad Akbar podishohul Gʻoziy uchun insho etilgan. Bu hukmdor shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning nabirasi Buyuk Akbardir.
Yangi qabul qilingan kitoblar orasida XVII - XIX asrlarga oid tariqat odoblari haqida “Tanbehoti darveshiya”, “Qissai Ibrohim Adham”, “Qissai Imomi Xasan Imomi Xusan”, fiqh, masʼala, yashash odoblari haqida “Saloti Masʼudiy”, tarixga oid katta bosma kitob, “Chor kitob”, Paygʻambarimiz siyratlari haqidagi “Siyari Sharif”kitobi (turkiy sharhi bilan), Abulqosim Firdavsiyning “Shoxnoma” asari (noyob suratlari bilan), Fuzuliyning Sankt Peterburg nazorati ostida 1891-yilda Toshkentda Laxtin litografiyasida bosilgan “Layli va Majnun” kitobi, Soʻfi Olloyorning 10 ming baytdan iborat “Maslakul muttaqiyn” (Taqvodorlarning yoʻllari) hamda “Mavoridul Kalim” kitoblari mavjud.
Ushbu kitoblar tez orada manbashunos olimlar tomonidan tadqiq etilishi rejalashtirilmoqda.