Olib borilayotgan qazishma ishlari Axsikent va Varzik tamadduni Rim tsivilizatsiyasidan ustunligini yaqqol isbot etmoqda. Bundan uch yil burun Italiya safarida bo'lgan olimlar ikki ming yil burun Rim imperiya davridagi irrigatsiya tizimi – osma suv yo'llari  usti ochiq suv inshooti – akveduklarni ko'rishganini aytishgan edi. Buni qarangki, Rim imperiyasi davridagi irrigatsiya tizimidan-da qadim va murakkab suv inshootlari aynan Namanganda topildi. Bu voqea menga faxr-iftixor bag'ishlaydi.

   Darhaqiqat, Axsikentda aynan shu davrga oid sopol quvurlardan iborat, murakkab muhandislik tizimini ko'rishingiz mumkin. Buning uchun siz Namanganga - Axsikent ochiq osmon ostidagi muzey majmuasiga kelishingiz lozim.

   Chustning Varzik qishlog'idagi topilmalar esa bizni bundan-da hayratga soldi. Tangritog' – Tyan` SHan` tog etaklaridan Bibionaga qadar shunday suv kommunikatsiyasi barpo etilganki, u hozir ham aholi uchun beminnat xizmat qilmoqda.

    Er ostida ulkan granit xarsangtoshlar yo'nilgan holatda quvur shakliga keltirilgan. Bu ichimlik suvi tarmogi shunday puxta barpo etilganki, yuzlab kilometrga suv yo'qotishlarsiz etib borgan. Bundan o'n yil burun Varzik dala kartalari o'rtasidan zakan-zovur qazish paytida ana shu suv tarmog'i topiladi va undan suv kelib turgani ko'rinadi. Ana shu joyga beton himoya vositasi o'rnatilib, suvi metal quvurlarda aholiga yo'naltiriladi.

   Bundan bir oy muqaddam shu zakan-zovurdan yuz metr narida sun`iy ko'l qazish paytida granit xarsang toshdan barpo etilgan suv tortish tarmog'i, zamonaviy tilda aytganda quvurlar topildi. Ushbu topilmalarni saqlash va avlodlarga etkazish muhim axamiyatga egadir.

Anvar Ikrom,

“Namanganturizm” boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari