Farmonga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan:
- yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
- meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
- ijaraga olingan yer uchastkasida qurilgan koʻchmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtadi;
- qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
- qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
- davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
- barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
- koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli boʻlmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
-