Bugun, 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklar muhofazasi, yetishtirish, qayta ishlash va sohaning eksport salohiyatini oshirishdagi dolzarb masalalar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazdi.

Konferensiya dorivorchilik sanoatni rivojlantirish uchun taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi masalalariga bagʻishlangan. FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi mutaxassislari, Fanlar Akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti professorlari hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Konferensiya materiallarida 110 dan ortiq ilmiy va amaliy maqolalar oʻz aksini topib, ularda sohaning eng dolzarb masalalari koʻtarilgan.

Bugungi kunda dunyoda tabiiy dori vositalariga boʻlgan talab 6-7 foizga oshgani qayd etildi. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, dorivor oʻsimliklar va ziravorlarni yetishtirish va qayta ishlash, ularni plantatsiya usuli bilan koʻpaytirish juda foydali va istiqbolli.

Prezidentimizning “Yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori dorivor turlarni yetishtirish hajmini oshirish va samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. 2020-2023-yillarda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari hududini 103,7 ming gektarga etkazish rejalashtirilgan.Mazkur konferensiya aynan sohani rivojlantirishda taʼlim-fan-ishlab chiqarishni integratsiyalashuvini masalalariga qaratilgan. Konferensiya materiallarida 110 dan ortiq ilmiy va amaliy maqolalar oʻz aksini topib, ularda sohaning eng dolzarb masalalari koʻtarilgan.
Konferensiyaning plenar va shoʻba yigʻilishlarida dorivor oʻsimliklarni asrash va yetishtirish, qayta ishlash, ulardan tabiiy dori vositalari ishlab chiqarish kabi dolzarb masalalar muxokama etilib, xamkorlikda amalga oshiriladigan masalalar kelishib olindi.

Konferensiyada sohadagi eng muhim va dolzarb masalalarni yoritgan, ishlab chiqarishga aniq tavsiyalar bergan mualliflar ragʻbatlantirildi.

Mazkur tadbir Global ekologik jamgʻarmasi (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish” FAO loyihasi texnik koʻmagida tashkil etildi.