Sharqda oila insonning eng muhim qoʻrgʻoni sifatida qaraladi. Uning yuragi esa ayol boʻlib, u farzand tarbiyasida, oilaviy qadriyatlarni saqlashda va jamiyatning ruhiyatini shakllantirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Ayol oʻz oilasida nafaqat mehr-muhabbat, balki donishmandlik va farosat tarbiyachisi sifatida faoliyat olib boradi.
Ayol oila aʼzolarining nafaqat taqdirini, balki milliy ruhiyatini ham shakllantiradi. Shu sababli ayolning oila ichidagi roli jamiyatning umumiy barqarorligi uchun ham asosiy omil boʻlib xizmat qiladi. Ularning ilm olishga boʻlgan intilishi nafaqat oʻz hayotini, balki jamiyatni ham yuksaltiradi. Farzandlarga tarbiya berish uchun ham, jamiyatni boyitish uchun ham ilm zarur. Lekin bu ilm uni oʻrganish bilan cheklanib qolmasligi lozim. Ayol ilm oʻrganish orqali avvalo oʻzini anglaydi, hayot mohiyatini tushunadi va ichki dunyosini boyitadi. Ayolning ilm-fanga intilishi faqatgina oilasiga yoki oʻz kasbiy faoliyatiga xizmat qilmasdan, balki jamiyat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Milliy qadriyatlar va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirish orqali ayollar zamonaviy dunyoda shaxsiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bu esa nafaqat ularning oʻz hayotida, balki butun jamiyatning har bir sohasida faoliyat olib borishiga imkon yaratadi.
Falsafiy nuqtayi nazarga koʻra, oʻzini anglamagan shaxs nafaqat jamiyat uchun, balki oʻzi uchun ham qadrini yoʻqotadi. Ayollar uchun bu jarayon oʻz imkoniyatlarini kashf etish, hayotiy qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilish va boshqalarga oʻrnak boʻlish bilan bogʻliqdir. Shu sababli, ayollar jamiyatning intellektual va maʼnaviy rivojlanishiga bevosita taʼsir oʻtkazadi.
Ayol jamiyatda nafaqat aʼzo, balki yoʻlboshchi sifatida ham oʻz oʻrnini topishi lozim. Rahbarlik – bu faqat lavozim yoki masʼuliyat emas, balki sanʼatdir. Ayolning rahbarlik qobiliyati uning sabr-qanoati, adolatparvarligi va insoniy fazilatlari orqali namoyon boʻladi. Bugungi kunda ayollar nafaqat oilada, balki boshqaruv sohasida ham oʻz oʻrnini topib, boshqalarga oʻrnak boʻlib kelmoqda.
Rahbarlik masʼuliyatini oʻz zimmasiga olgan ayol jamiyatda adolat, halollik va insoniylik tamoyillarini targʻib etadi. Bu tamoyillar jamiyat taraqqiyotining asosiy poydevorlaridan biridir. Ayolning boshqaruvdagi oʻrni uning jamiyatga boʻlgan mehribonligi, kuchli analitik fikrlashi va samarali qaror qabul qilish qobiliyatlari bilan belgilanadi.
Xulosa qilsak, ayollarning jamiyatdagi faolligi nafaqat individual muvaffaqiyatlarni, balki milliy taraqqiyotni ham taʼminlaydi. Shunday ekan, ularning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm va maʼrifat eshiklarini ochish davlat va jamiyatning asosiy vazifalaridan biri boʻlib qolishi ayni muddao.
Husan TURSUNOV,
jurnalist