Bunga yechim sifatida maxsus ilmiy oromgohlar tashkil etish orqali ayol-qizlarning taʼlimi va karyerasi uchun keng yoʻl ochish imkoniyati paydo boʻldi. Bu borada Oʻzbekistonda ilk marta ayol-qizlar uchun ilm-fan oromgohi tashkil etildi. Unda yurtimiz boʻylab saralangan eng iqtidorli, ilmga chanqoq va kreativ ayol-qizlar jamlandi.

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida tashkil etilgan oromgoh loyihasi doirasida xotin-qizlarning ilmiy faoliyati keng targʻib etildi. Ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanayotgan opa-singillarimizga tajribali olim va mutaxassislardan nazariy bilimlarni oʻzlashtirish, oʻzaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat taqdim etildi.

Dastur asosida taqdim etilgan bir-biridan manfaatli treninglarda ishtirokchilar maxsus libosda qatnashdi. Bu ilm-fanda jon kuydirayotgan yosh olimalarning umumiy qiyofasini yaxlit oila aʼzolari sifatida gavdalantirdi. Tadbir ishtirokchilarga tajriba almashish, yangi koʻnikmalarni oʻrganish va ilmiy salohiyatini rivojlantirish uchun platforma vazifasini oʻtadi.

— Ayol-qizlar uchun ilm-fan oromgohi sohada gender tenglikni targʻib qilish bilan birga gender qarama-qarshiligisiz ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish, xalal beruvchi stereotiplarni yoʻq qilish va ilm-fanda ayol-qizlarning rolini oshirishga hissa qoʻshadi, — deydi loyiha ishtirokchisi Raʼno Aliqulova. — Tajriba maydonida bilim va tajribamni sinovdan oʻtkazdim. Ilm-fan oromgohi loyihasi oʻzim tanlagan va boshlagan ilmiy izlanishlar uchun katta olimalar bilan birga ishlashimda mustahkam zanjir boʻldi.

Ilm-fan oromgohida ayol-qizlar noyob gʻoyalari va yondashuvlari bilan oʻrtoqlashdi. Bu esa fikrlar xilma-xilligi va innovatsion yechimlarni ragʻbatlantirdi.

— Oromgoh loyihasi yosh ayol-qizlarning ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, ularni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, iqtidorli talaba qizlarni izlab topish, ragʻbatlantirish, ilmiy tadqiqotlarga qiziqishini oshirishni koʻzda tutadi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari Dilnoza Kattaxonova. — Shuningdek, yosh olimalar hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar oʻrtasida tizimli uchrashuvlar va ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilmiy va loyihalashtirish faoliyati bilan shugʻullanishga jalb qilish, mantiqiy va tanqidiy tafakkurni singdirish, jahon taʼlim manbalaridan, ilgʻor ilmiy adabiyotlar elektron kataloglari va maʼlumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish kabi maqsadlar koʻzlangan.

Jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlgan taniqli shaxslar oʻtkazgan seminar-treninglar oromgohning 100 ga yaqin ishtirokchisida ilmiy tadqiqotning ahamiyatli jihatlarini tushunishga xizmat qildi. Ularda ilm-fanga chinakam qiziqish oshishi va tanlagan sohasi boʻyicha keyingi taʼlimni davom ettirishga undashi, ilmiy qobiliyatiga ishonchni orttirib, qiyinchiliklarni chidam bilan yengish kabi koʻnikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

— Muttasil rivojlanayotgan ilm-fan va texnologiyalar landshaftini kezar ekanmiz, kelajak ilmini shakllantirishda ayol-qizlar roli tobora dolzarblik kasb etmoqda, — deydi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Zebiniso Adhamova. — Ayol-qizlar uchun ilm-fan oromgohlari hali foydalanilmagan isteʼdodning oʻzgaruvchan potensialini ochish, taraqqiyot yoʻliga gʻov boʻlayotgan tizimli toʻsiqlarni hal qilish uchun kalit vazifasini bajaradi.

Jahon iqtisodiyoti globallashuvi va yangi texnologik rivojlanishga oʻtish jarayoni xalqaro tovar va moliya bozorlarida, raqamli texnologiyalarni joriy etish sohasi va aholining oʻsib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish usullarida raqobatning tobora kuchayishiga olib kelmoqda. Ushbu masalalarning asosiy yechimi ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yetakchi mamlakatlar qatoridan oʻrin olishdir. Shu bois, rivojlanayotgan aksar mamlakatlar raqobatbardoshlikni oshirish va mustahkamlash boʻyicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni va global marketingni faol oʻzlashtirish, ustuvor yoʻnalishlarda ilmiy maktablarini tashkil etish, tajribali va malakali mutaxassislarni jalb etish, innovatsion salohiyatga ega istiqbolli startaplarni qoʻllab-quvvatlash, uzoq muddatli barqaror rivojlanishning moliyaviy va institutsional asoslarini yaratish uchun davlat imtiyozlaridan maqsadli foydalanish kabi choralarni koʻrmoqda. Bu jarayonda ayol-qizlarning oʻrni va ishtirokini eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi.

— Bugungi globallashuv davrida xotin-qizlarning imkoniyatini kengaytirish, gender tenglikni taʼminlash dolzarb masalaga aylandi, — deydi loyiha ishtirokchisi Gulhayo Ravshanova. — Buning muhim jihatlaridan biri ayol-qizlarning taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash bilan bogʻliq. Ularning bilim olishi bir necha sababga koʻra juda muhim. Jumladan, imkoniyatlarni kengaytiradi, ongli ravishda tanlov qilish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkonini beradi. Qolaversa, gender meʼyorlari va tengsizliklariga qarshi kurashish, orzularini amalga oshirish va oʻzgarishlar ishtirokchisi boʻlishga koʻmaklashadi.

Oʻqimishli ayol-qizlar ovqatlanish, gigiyena, reproduktiv salomatlik va kasalliklarning oldini olish boʻyicha bilimlarga ega boʻlib, jamiyatning umumiy turmush farovonligiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuningdek, taʼlim orqali kambagʻallikni yengishda boshqalar qatori teng ishtirok etib, hissa qoʻshadi. Ayol-qizlar zarur bilim, koʻnikma va malakaga ega boʻlsa, yaxshi ish topib, koʻproq maosh oladi va oilasining iqtisodiy farovonligiga hissa qoʻshadi. Bu orqali jamiyatning yuksalishiga yordam beradi.

Ilm-fan oromgohida tadqiqotchilik bilan izchil shugʻullanayotgan ayol-qizlar qatori boʻlgʻusi olimalarning ilmiy izlanishga qiziqishi va intilishi qoʻllab-quvvatlandi. Keyingi faoliyatida ilm-fan bilan kengroq shugʻullanishi, ilmiy manbalardan foydalanishda ahamiyat beriladigan jihatlar, ilmiy samaradorlikka erishish, kasbda, ilm-fanda va, eng asosiysi, oilada muvaffaqiyatli ayol-qizlar boʻlishi uchun zamin hozirlandi. Uchrashuvlar, ilmiy hamjamiyat bilan qimmatli oʻzaro aloqalar juda katta ahamiyatga ega boʻlishi, bu kabi ilm-fan oromgohlari yosh tadqiqotlar safini kengaytirish va olima ayollar koʻmagida ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirishda beqiyos oʻrin tutishi eʼtirof etildi. Olimalarning ilmiy faoliyatiga oid yutuqlarni ommalashtirish va innovatsion gʻoyalarini ragʻbatlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi milliy va xalqaro tanlovlarda, xalqaro reytinglarda ishtirokini targʻib qilish va qoʻllab-quvvatlash faol davom ettirilishi taʼkidlandi.

Nazokat KARIMOVA,

Toshkent davlat texnika universiteti

tayanch doktoranti