Ayolga ehtirom!

    Bo'sh vaqtda 7 Mart 2022 11716

    Yurtimizda yosharish – yangilanish fasli bahor bayramlar bilan boshlanadi. Bahorning ilk bayrami “8-Mart Xalqaro xotin-qizlar kuni” mamlakatimizda har yili munosib nishonlanadi.

    Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan. Ayol bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

    Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim oʻrin va mavqega ega. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, maʼrifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilyapti.

    Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini taʼminlash davlat siyosati darajasida ekanligi bilan har qancha faxrlansak arziydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xotin-qizlarni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoyalashga qaratilgan 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilib kelyapti.

    Farmonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini himoyalash, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan koʻplab chora-tadbirlar belgilangan.

    Mazkur chora-tadbirlarga asosan Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida oʻtgan yilda kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj 10 nafar nogiron hamda yolgʻiz onalar va boquvchisini yoʻqotgan ayollarga arzon uy-joy ajratish boʻyicha shartnomalar imzolanib, boshlangʻich toʻlovlar uchun qariyb 180 million soʻm mablagʻ ajratildi. Tijorat banklari tomonidan 190 nafardan ziyod tadbirkor ayollarga
    2 milliard 367 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari berildi.

    Shuningdek, yil davomida ogʻir turmush sharoitidagi xotin-qizlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, 1 063 nafar ayollarning bandligi taʼminlandi.

    Tumanning dilbar, fidoyi va mehribon xotin-qizlari har jabhada ilgʻor, tashabbuskor, ibratlidir.

    Biz bugun oʻzining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan koʻplab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

    Ularning mehnatlari davlatimiz rahbari tomonidan inobatga olinib, 2021-yilda davlatimizning yuksak darajadagi order va medallar, koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

    Xususan, tuman tibbiyot birlashmasi koʻptarmoqli markaziy poliklinikasi oila shifokori Botirova Gulamdon Shokirovna 2-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan, “Sarimoy turkman gilamlari” kooperativi rahbari Gulshot Atayeva, “Shukurjon buxgalter” fermer xoʻjaligi rahbari Axmedova Shukurjon hamda 6-sonli IDUM ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi — viloyat yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nurmonova Munavvaralar “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan, nafaqadagi ustoz Nazira Hayitboyeva “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.

    Ana shunday hurmatli ayollarimizning borligi xalqimizga yanada faxr bagʻishlaydi.

    Yana shuni mamnuniyat bilan eʼtirof etishim kerakki, xotin-qizlarimizning sport sohasida erishayotgan yutuqlari ham salmoqli boʻlyapti.

    Sport sohasida soʻz ketganda 2021-yil 24-noyabr — 3-dekabr kunlari Ruminiya davlati Buxarest shahrida Armrestling boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatining 2-oʻrin sohibasi Moxichexra Roʻziboyeva, 2021-yil 17-25-avgust kunlari Qozogʻiston Respublikasi Olma-Ota shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatining 3-oʻrin sohibasi Naima Satimboyeva va Sabina Qosimova singari qizlarimiz eʼtirofga loyiqdir.

    Ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

    X.Sultonov,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi rahbari.