"– Har oyda tumanimiz ijodkorlari toʻplanib mushoira va adabiy suhbat qilib turamiz, – deydi  Qudrat Odinayev. – Sumalak sayli taraddudida boʻlib oʻtgan bu safargi adabiy yigʻinimiz oʻzgacha kechdi. Ustoz Akademik Abdurashid Hasanov, filologiya fanlari doktori, professor Shomiddin Yormatov, faol ijodkorlar Neʼmat Dushayev, Ozod  Xushnazarovlar olib borgan mahorat darslari yosh ijodkorlarga juda katta zavq va ilhom bagʻishladi.  

Bahor mushoirasiga qishlogʻimizdagi nuroniy onaxonlar va faol opa-singillarimiz ham taklif  etildi. Ularning milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizni targʻib qilish borasidagi mulohazalari va qiziqarli hikoyalari yigʻilganlarda juda katta taassurot qoldirdi. Biz “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan maqolalarni ham birgalikda oʻqib, tahlil qilib turamiz. Sizlarga oʻzim ushbu mushoirada oʻqigan sheʼrlarimdan birini joʻnatyapman", deydi maktubda.    

Ayolga ehtirom

Hayotimiz koʻrki, ziynati boʻlgan,

Goh guldek ochilib zavq berib kulgan.

Gohida toʻlin oy misoli toʻlgan,

Ayolga ehtirom, ayolga taʼzim.

 

Kerak boʻlsa qilni qirqqa tilgan u,

Hatto bir jonini qirqta qilgan u,

Har neki ish qilsa koʻzin bilgan u,

Ayolga ehtirom, ayolga taʼzim.

 

Kitob boʻldi Kumushu Zaynab boʻlib,

Otabekka oʻzlarin ziynat bilib,

Ne dillarni tigʻsiz ketsa ham tilib,

Ayolga ehtirom, ayolga taʼzim.