Ushbu boʻlim qoshida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan ijtimoiy kam taʼminlangan va sogʻligʻida muammosi bor boʻlgan 13 nafar fuqaroni sogʻligʻini tiklash uchun 131 million 418 ming soʻm mablagʻ Sogʻliqni saqlash vazirligi tarkibidagi tibbiyot muassasalariga oʻtkazib berildi.

Natijada ular turli yoʻnalishdagi Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasalarida boʻlib, u yerda oʻz sogʻliqlarini tiklab oilalari bagʻriga qaytdi.

Bundan tashqari fond xodimlari fondning “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan ishsiz, hunar turi bilan shugʻullanish istagida boʻlgan 152 nafar fuqaroga 289 million soʻm pul mablagʻi hisobiga zamonaviy tikuv dastgohlari olib berdi.

— Bu orzuga “Ayollar daftari” orqali erishdim, — deydi koʻpdan beri ishsiz boʻlgan yangiyerlik Sabohat Joʻrayeva. — Tikuvchilik bilan shugʻullanish istagim bor edi. Ammo, roʻzgʻorimdan orttirib, tikuv dastgohni olib, oʻz faoliyatimni boshlay olmay, kelayotgan edim. Fond xodimlari menga tikuv dastgohini berdi.Hozir tikuvchilik bilan uyda shugʻullanyapman. Bolajonlar, qolaversa xotin-qizlar uchun bejirim va chiroyli koʻylaklar tikyapman. Daromadim ham yomon emas. Harna qozonim yaxshi qaynayapti. Bundan farzandlarim rosa xursand. Nasib qilsa, oʻz ustimda ishlab faoliyatimni kengaytirmoqchiman.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boʻlimi matbuot xizmati.