Ayollarning uzoq umr ko'rishi “eliksir”i aniqlandi. 25 yillik tadqiqotlar natijasi shuni ko'rsatdiki, “O'rta Yer dengizi diyetasi” deb nomlanuvchi ovqatlanish ratsioni ayollarda o'lim xavfini 23 foizga kamaytirishi mumkin. Tadqiqot natijalari Amerikadagi JAMA jurnalida chop etildi.
Olimlar 25 mingdan ortiq sog'lom amerikalik ayollarni 25 yil davomida kuzatib ushbu xulosaga kelishdi. Ilmiy izlanish saraton va yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida erta hayotdan ko'z yumishni sezilarli darajada kamaytirishini isbotladi.
“O'rta Yer dengizi diyetasi”da yong'oqlar, dukkakli mahsulotlar, mevalar, sabzavotlar va to'liq donalar kabi o'simlikka asoslangan oziq-ovqatlar, asosiy yog' sifatida zaytun moyidan foydalaniladi. Mazkur diyeta o'rtacha miqdorda baliq, parranda go'shti, sut mahsulotlari va tuxumni ham o'z ichiga oladi.
Tadqiqotlarga boshchilik qilgan doktor Samia Mora uzoq umr ko'rish uchun parhezning muhimligini yana bir bor isbotlaganidan mamnun ekanligini bildirgan. Uning ta'kidlashicha, “O'rta Yer dengizi diyetasi”ga rioya qilish ayollar uchun juda ham foydali bo'lib, bu nafaqat uzoq umr ko'rish, balki o'z go'zalliklarini saqlab qolishga ham yordam beradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, erkaklar 1970-yillarda ayollarga qaraganda bir yil, 1980-yillarda 2 yil, 1990-yillarda 4 yil, XXI asrda esa 5 yil kam yashagan. AQShda umumiy statistik raqamlarga ko'ra, erkaklar ayollarga qaraganda 7 yilga, Rossiyadagi erkaklar esa ayollarga qaraganda 10 yilga kam yashaydi.
Bunda Yevropada erkak va ayol hayoti davomiyligi o'rtasidagi farq uch va olti yil orasida ekanligiga guvoh bo'lamiz. Sharqda esa bu ko'rsatkich yetti-sakkiz yil orasini tashkil qiladi.
Zulxumor Akbarova