Ushbu tadbir Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), BMT Taraqqiyot dasturi va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan birgalikda Oliy Majlis Senati, O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiya va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Tomonlar xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning iqtisodiy farovonligini oshirish va gender tenglikni taʼminlash sohasidagi vazifalarni birgalikda hal etishga kelishib oldilar.

Taʼkidlanganidek, tadqiqot natijalariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari xotin-qizlarga jiddiy taʼsir ko‘rsatgan. Chunki oila aʼzolariga qarash bilan bog‘liq haq to‘lanmaydigan ishlar keskin ko‘payishi, shuningdek, maktablar, bolalar bog‘chalari yopilishi, daromadlar doimiy emasligi va oilaning boshqa aʼzolari kasalga chalinishi sababli ish hajmi sezilarli darajada ortgan.
Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xodimlarning aksariyati ayollar bo‘lganligi sababli kasallik yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan.

Shu munosabat bilan COVID-19 pandemiyasi davrida iqtisodiyotni tiklash, shuningdek, ayol rahbarlarning mavjud salohiyatidan foydalanish va mahalliy, mintaqaviy va milliy darajalarda COVID-19 ning salbiy iqtisodiy oqibatlarini va koronovirusning yana-da tarqalishi xavfini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini taʼminlashga qaratilgan qarorlar qabul qilishda xotin-qizlarning ishtirokini taʼminlash bo‘yicha davlat iqtisodiy dasturlari va siyosatiga gender masalalarni kiritish zarurati ortib bormoqda.

Tadbir doirasida “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovda gender tenglik sohasida yuqori natijalarga erishgan, jamiyat taraqqiyoti uchun tashabbuslar bilan chiqayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilayotgan vazirlik, idora va NNT ishtirok etdi.

Ishchi guruh va tanlov komissiyasi aʼzolari 60 nafardan ziyod nomzoddan tushgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, eng yaxshilarini tanlab oldilar. Tanlov g‘oliblari maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, davra suhbatida gender tenglik va xotin-qizlar imkoniyatlariga oid videoroliklar taqdim etildi, tadbirkor ayollar va fermerlarning qanday qilib muvaffaqiyatga erishgani ko‘rib chiqildi, ularning tajribasi o‘rganildi va boshqa masalalar muhokama etildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati