Unda Senat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va hokimlar o‘rinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda joriy yil 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining masʼuliyatini oshirish masalalari to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 2021 yilda qariyb 440 ming ayollar bandligini taʼminlash choralari ko‘riladi. Xotin-qizlarni kasbga (tadbirkorlikka) o‘rgatish, imtiyozli kredit ajratish, hunarmandchilik klasterlarini tashkil etish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, ular bandligini taʼminlash bo‘yicha NNTlar bilan ham tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishga eʼtibor qaratiladi.

Bundan tashqari, majlisda ayollar o‘rtasida kamqonlik, nafas olish, hazm qilish aʼzolari, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan hududlar aniqlanib, nazoratga olinadi. Bunda kasallikning turiga qarab tor doiradagi shifokorlar jalb qilinib, davolash tashkil qilinadi. Xususan, 2021 yil yakuniga qadar qariyb 9 mln. xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilgan. Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimliklari “mahallabay” reja-jadval tuzgan holda ishni tashkil qilib, kasallik aniqlanganlarini maqsadli sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rib boradi. 

Yana bir jihat. Ajrimlar bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlab, nazoratga olish, notinch, erta nikoh va erta tug‘ruq sodir bo‘lgan oilalar bilan “mahallabay” asosida tizimli ishlarni davom ettirish, ushbu oilalarga va qizlarga psixolog, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar xodimlari, pedagog, din ulamolari va huquqshunoslarni biriktirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Majlisda xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish (suitsid) holatlari, jumladan, uning sabablari va oqibatlarini doimiy ravishda o‘rganib borish, tazyiqqa uchraganlarga malakali amaliy huquqiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklar bo‘yicha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan hudud va tarmoqlarni aniqlab, nazoratga olish, ichki ishlar huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan yakka tartibda ish olib borishi masalalariga urg‘u berildi.  

Shuningdek, bu boradagi ishlarga senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, kasaba uyushmalari vakillari keng jalb etilishi qayd etildi.

Majlisda mazkur masalalar tanqidiy tahlil qilindi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati