Har yili dunyoda 19-noyabr — Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni keng nishonlanadi. Bu yil mazkur sana mavzusi “Ayollar tadbirkorligi — moliyaviy mustaqillik va ayollarning iqtisodiyotdagi ishtiroki” mavzusiga bag'ishlandi.
Ushbu sana munosabati bilan yurtimizda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan an'anaviy sakkizinchi Ayollar tadbirkorligi haftaligi tashkil etildi. Joriy yilning 6—10-noyabr kunlariga mo'ljallangan haftalik rejasidan qator tadbirlar joy olgan. Ularda mamlakatimizning barcha hududlaridan 300 dan ortiq ayollar onlayn va oflayn formatda ishtirok etadilar. O'zbekiston Milliy matbuot markazida haftalik oldidan brifing bo'lib o'tdi.
— Butun hafta davomida barcha hududiy bo'linmalarda ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, ekspertlar, hamkorlar ishtirokida seminarlar, davra suhbatlari va konferentsiyalar o'tkaziladi, — deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi kengashi a'zosi Nigora Yoqubova. — Bundan tashqari, hafta davomida xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash bo'yicha xalqaro dasturlarning taqdimotlari o'tkaziladi, tadbir ishtirokchilari to'plangan tajribalari bilan almashishadi, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mamlakatimiz tadbirkor ayollari uchun turizm sohasida xizmatlar sifatini oshirish bo'yicha navbatdagi strategiya ishlab chiqiladi. Haftalikning maqsadi O'zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, uning zaif tomonlarini aniqlash, to'siqlarni aniqlash va qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha tavsiya choralarini ishlab chiqish, shuningdek, ishbilarmon ayollarning eksport imkoniyatlarini yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.
Haftalik tadbirlaridan joy olgan uchrashuv, ko'rgazma, davra suhbatlari yurtimizning turli hududlari davom etadi. haftalik yakunida esa “Anor — 2023” ko'rik tanlovining respublika bosqichi o'tkaziladi. Mamlakatimiz tadbirkor ayollarining bu yil 8-bor o'tkazilayotgan “ANOR” Milliy ko'rik tanlovi yurtimiz davlat, biznes va ijtimoiy doiralari yuksak e'tirofiga sazovor bo'lib, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida o'z o'rniga ega bo'ldi, ayollar tadbirkorligi rivojining o'ziga xos o'lchov mezoniga aylandi. Shu bois ham ushbu tanlov yakunlovchi final qismi o'tkazilajak haftalikning eng asosiy tadbirlari sirasida qayd etilgan.
Ma'lumot uchun, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 1991-yilda tashkil topgan bo'lib, bugungi kunda 17 mingga yaqin a'zosi, 73 ta hududiy bo'limi, 200 dan ortiq trenerlari mavjud. Assotsiatsiya tomonidan o'tgan 9 oy davomida mamlakatimizning eng chekka hududlarida 10 ming nafardan ziyod ayollar tadbirkorlik asoslari bo'yicha treninglarda ishtirok etdi. 9 mingdan ortiq ayol ish bilan ta'minlandi.
Assotsiatsiya ko'magida 1 ming 547 nafar ayol 22 milliard 700 mln so'm miqdorida kredit oldi. Loyihalar doirasida grant egalariga kreativ biznes-rejalarini amalga oshirish uchun 154 ming AQSH dollari ajratildi. Bugungi kunga kelib assotsiatsiyaning hududiy bo'linmalari soni 73 taga yetdi.