Avvalo, homilador ayollarga to‘liqsiz ish vaqti belgilanishi mumkin. Bu ularning iltimosiga ko‘ra yoki tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, mehnat taʼtillarini berish navbatida ham homilador va bola tuqqan ayollarga imtiyoz beriladi. Ular o‘z xohishiga ko‘ra yillik mehnat taʼtilidan “dekret” taʼtilidan oldin yoki keyin foydalanish huquqiga ega.
Homilador ayollarga antenatal (tug‘ruqqa qadar) tibbiy ko‘riklardan o‘tish uchun qo‘shimcha bo‘sh kunlar beriladi. Bunda ularning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi. Bu kunlarning tartibi va muddatlari Hukumat tomonidan belgilanadi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish taʼtili ham belgilangan bo‘lib, u:
- tug‘ruqacha 70 kalendar kun,
- tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kundan iborat.
Bolani ovqatlantirish uchun ham qo‘shimcha tanaffuslar beriladi. 2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ota-onaning biriga kamida har 3 soatda, har biri 30 daqiqadan kam bo‘lmagan tanaffus ajratiladi. Ushbu tanaffuslar ish kunining boshiga yoki oxiriga qo‘shib berilishi ham mumkin.
Qonunchilikka muvofiq quyidagilar taqiqlanadi:
- homiladorligi sababli ishga qabul qilishni rad etish;
- homilador ayollarni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olish;
- homilador ayollar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish.
Ushbu normalar ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ular uchun qulay mehnat sharoitlarini taʼminlashga xizmat qiladi.