Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi. II-bosqich” doirasida tashkil etildi.
Tadbir asnosida ayollarning iqtisodiy imkoniyatini oshirishda yetakchilikning oʻrni, vaqtni boshqarish, biznes-rejalashtirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish usullari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun davlat subsidiyalari va boshqa imtiyozlar kabi yoʻnalishlarda seminar hamda treninglar uyushtirildi.
Tadbir ishtirokchilari Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Shodi bobo Shukurjon”, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “Dostonbek”, Vobkent tumanidagi “Oʻrinoy Mirzayeva”, Buxoro tumanidagi “Doʻlama Pahlavon Mahmud” fermer xoʻjaliklari dalalarida boʻlishdi. Eʼtiborli tomoni, ushbu fermer xoʻjaliklari aynan ayollar tomonidan boshqariladi. Qolaversa, ularning barchasi birinchilardan boʻlib suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllagan hamda bu borada katta tajriba toʻplagan.
Ishtirokchilar suv tejovchi texnologiyalarni dalaning oʻzida ishlatib koʻrdilar, shuningdek, suv resurslarini integrallashgan holda boshqarish boʻyicha loyiha mutaxassislari bilan muloqotlar olib bordilar.