Qarorga koʻra:

➖ Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tugatildi;
➖ Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi.

Respublika markazi va hududiy markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, unga mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri tavsiyasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.

Shuningdek, qaror bilan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo 29 ta namunali markazlar (markazlar) tashkil etildi.

Markazlarning asosiy vazifalaridan biri tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam koʻrsatish hisoblanadi.

Markazlarga quyidagilar joylashtiriladi:

➖ zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari;
➖ oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar.

2021-yil 1-iyundan:

himoya orderi nusxasini olgan, yaʼni tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi;
markazlarga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yoʻqotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish choralari koʻriladi.

Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarga ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam koʻrsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun moʻljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan “ishonch telefoni” (respublika doirasida yagona qisqa raqam) yoʻlga qoʻyiladi.