Xususan, 2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining asosiy mazmun va mohiyati ham xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni tazyiq hamda zoʻravonlikning har qanday shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlarga nisbatan boʻladigan turli xil kamsitishlarni oldini olish tizimini va huquqiy asoslarini yaratishdan iboratdir.
Mazkur qonun asosida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlar tartibga solinib, qonun bilan xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Namangan viloyat sudi tomonidan Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ayol huquqlari, hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati – oliy qadriyat”deb nomlangan tadbir ham aynan shu mavzuga bagʻishlandi.
Tadbirni Namangan viloyat sudining raisi A.Eranov kirish soʻzi bilan ochib berdi. A.Eranov oʻz soʻzida bugungi tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad, huquqni muhofaza qilish organlari bilan kelgusida hamkorlikdagi ishlarimizni yana-da kuchaytirib, har bir mahalla kesimida xotin-qizlarga nisbatan oilaviy zoʻravonlik qilish holatlarini oldini olish choralarini koʻrish ekanligiga, oʻz huquqini bilgan insonlar esa hech qachon nohaqlikka uchramasligiga+ alohida urgʻu berdi.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining mazmun va mohiyati, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatli organlar xususida Namangan shahar Ichki Ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori G.Hasanova maʼruza qildi.
Shundan soʻng qonunsiz (sharʼiy) nikohlar asosida oila qurish oqibatida huquqi buzilgan opa-singillarning qismati, shuningdek sudlarda zoʻravonlik bilan bogʻliq koʻrilgan maʼmuriy va jinoiy ishlar tahlili haqida viloyat sudlarining sudyalar B.Babamirzayeva, M.Dedamirzayeva tomonidan chiqishlar qilindi.
Shuningdek, “Ayol huquqlari — oliy qadriyat” mavzusida Reabilitatsiya Namangan viloyat hududiy boʻlimi boshligʻi N.I.Raximjanovaning maʼruzasi tinglanib, “Zoʻravonlikka uchragan ayollar – davlat himoyasida”deb nomlangan videorolik namoyish etildi, deya xabar beradi Namangan viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi.