Ayrim Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari Rossiyaga kiritilmadi

    Rossiya chegara xizmatlari mobil qurilmalarida ekstremistik va terroristik tashkilotlarga aloqador kanallar hamda radikal blogerlarga obuna aniqlangan Tojikiston hamda Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakatga kiritilmagan.

    Bu haqda TASS agentligi maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur holatlar bilan bogʻliq 20 dan ortiq sud materiallari oʻrganib chiqilgan. Hujjatlardan biriga koʻra, Tojikiston fuqarosi Dilshod A. YouTube platformasida Rossiyada taʼqiqlangan radikal islomiy oqim vakillarining mavʼizalari joylashtirilgan kanallarga obuna boʻlgani hamda Rossiyaga qarshi targʻibot mazmunidagi videolarni koʻrgani uchun chegara nazoratidan oʻtkazilmagan.

    Yana bir sud hujjatiga koʻra, Oʻzbekiston fuqarosi Akmaljon B. esa radikal diniy blogerlar va terroristik tashkilotlar faoliyati aks etgan videolarni tomosha qilgani sababli Rossiya xavfsizligiga tahdid sifatida baholanib, uning kirishiga ruxsat berilmagan.

    Shuningdek, bir nechta fuqarolarda Ukrainaga xos kanallarga obunalar, shuningdek, Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining faoliyatini tanqid qiluvchi yozishmalar aniqlangan. Aniqlanishicha, baʼzilar Rossiyaga kirishdan oldin messenjerlardagi yozishmalarini oʻchirishga urinishgan.

    Maʼlumot uchun, 2024-yil 22-mart kuni Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir boʻlgan terrorchilik hujumidan soʻng chegaradagi tekshiruvlar kuchaytirilgan. Soʻnggi 1,5-yil mobaynida Rossiyaga kirishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlarni sud orqali bekor qilishga 20 dan ortiq Tojikiston va Oʻzbekiston fuqarosi harakat qilgan. Ular Rossiyada ishlash yoki yaqin qarindoshlarini koʻrish niyatida ekanini bildirishgan, biroq barcha holatda sud qarorlari qonuniy va asosli deb topilgan.