Qarorga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan, qishloq xoʻjaligi texnikalari yetkazib berishda amaldagi qonunchilikka muvofiq qoʻllaniladigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xoʻjaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etiladi.
2027-yil 1-yanvargacha quyidagilar bojxona bojidan va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi:
- belgilangan talablarga javob beradigan paxta terish kombaynlari, oʻziyurar ozuqa yigʻuvchi va bogʻdorchilik kombaynlari, koʻchat koʻmish va ochish texnikalari;
- mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlik xizmati tomonidan xorijdan olib kelinadigan yangi paxta terish kombaynlari, oʻziyurar ozuqa yigʻuvchi va bogʻdorchilik kombaynlari, koʻchat koʻmish va ochish texnikalari.
2025-yil 1-martdan imtiyozlardan foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktorlar va kombaynlarni ularga GPS qurilmasini oʻrnatmagan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
2028-yil 1-yanvardan asosiy paxta va gʻalla hosili uchun paxta chigiti va bugʻdoyni ekishda aniq donalab ekmaydigan seyalkalardan foydalanish taqiqlanadi.