Ayrim qishloq xoʻjaligi texnikalari bojxona toʻlovlari va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi

    Agrosektor 30 Mart 2023 887

    “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni ragʻbatlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–103-son, 29.03.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi yagona tartibi 2023-yil 1-apreldan joriy qilinadi:

    • Prezident qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi;
    • tegishli roʻyxat boʻyicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlarga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi;
    • oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va YATTlarga qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi;
    • 2023–2024-yillarda qishloq xoʻjaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trln soʻm yoʻnaltiriladi.

    Bunda:

    • banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov taʼminoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sugʻurta polisi qabul qilinishi mumkin;
    • xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan xaridorlarga qishloq xoʻjaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha boʻlgan muddatga Qishloq xoʻjaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.