Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi:
- sayyor tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;
- tibbiyot brigadasiga belgilangan meʼyorlardan 10 foiz ortiqcha qoʻshimcha biriktirilgan aholining har biri uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 0,3 foizi miqdorida – shaharlarda, 0,5 foizi miqdorida – tumanlarda;
- oila salomatligi boʻyicha maxsus oʻquv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foiz, oʻrta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari – 10 foiz miqdorida oshiriladi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.