Bojxona qoʻmitasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, amaldagi tartiblarga koʻra, havo yoʻli orqali kirib kelayotgan fuqarolar shaxsiy ehtiyojlari uchun 2 donagacha mobil qurilmani yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatgan holda olib kirishlari mumkin.
Shu bilan birga, tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchun belgilangan bojsiz olib kirish meʼyorlariga muvofiq boʻlishi lozim. Hozirgi kunda bu meʼyor havo yoʻli orqali kirib kelishda 1000 AQSH dollariga teng.
Dunyoning turli shaharlaridan qaytayotgan va bir xil turdagi tovarlarni olib kelayotgan yoʻlovchilar koʻp hollarda bojxona qiymatining turlichaligi yuzasidan savollar bermoqda.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan, bir xil tovarning turli hududlarda har xil narxda boʻlishi tabiiy hol boʻlib, bu holat bojxona qiymatining ham farq qilishini belgilaydi.
Shu bois yoʻlovchilar bilan muloqot jarayonida ular tomonidan olib kelinayotgan mobil qurilmalarning xarid cheklari taqdim etilganda, bojxona qiymati ushbu cheklarda koʻrsatilgan jami narx asosida belgilanishi tushuntirildi.
Bugun Bojxona qoʻmitasining Toʻlovlar boshqarmasi boshligʻi A.Muqimov Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish boshqarmasi hamda “Toshkent–AERO” IBK rahbariyati hamrohligida poytaxtimiz aeroportida boʻlib, havo yoʻllari orqali kirib kelayotgan jismoniy shaxslarga tegishli mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini joyiga chiqib oʻrgandi.
Oʻrganishlar yakunida masʼullar Bojxona qoʻmitasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ayrim turdagi mobil qurilmalarning bojxona qiymati haqidagi maʼlumotlarni turli davlatlar kesimida muntazam eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish taklifini ilgari surishdi.
Oʻz navbatida, mazkur taklif Bojxona qoʻmitasi rahbariyati tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.








