Maʼlum qilinishicha, oʻrganishlar davomida respublika boʻyicha 109 ta tadbirkorlik subyektlariga tegishli xususiy AYOQSHlarda bir qator qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilganligi (narxni asossiz ravishda oshirib sotish, kamomadga yoʻl qoʻyish, sifatsiz mahsulot tarqatish, kam quyish va boshqa holatlar) aniqlandi.

Jumladan, Andijon viloyatida 4 ta, Buxoro viloyatida 8 ta, Jizzax viloyatida 4 ta, Qashqadaryo viloyatida 19 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5 ta, Namangan viloyatida 4 ta, Samarqand viloyatida 26 ta, Surxondaryo viloyatida 1 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Toshkent shahrida 7 ta, Fargʻona viloyatida 22 ta hamda Xorazm viloyatida 4 tani tashkil qiladi.

Misol uchun, Andijon viloyati Izboskan tumanida joylashgan “RAVON OIL TEXSERVIS” MCHJga qarashli AYOQSHda Ai-92 rusumli avtobenzinning sifati buzilganligi, Ai-80 rusumli avtobenzin narxini oshirib sotilayotganligi (7 000 soʻm);

Qoʻrgʻontepa tumanida joylashgan “BUYUK KURGON” xususiy korxonasiga qarashli AYOQSHda Ai-92 rusumli avtobenzinning sifati buzilganligi;

Xoʻjaobod tumanida joylashgan “VODIY TRANS OIL” MCHJga qarashli AYOQSHda Ai-80 rusumli avtobenzin narxini oshirib sotilayotganligi (7 000 soʻm) va Ai-92 rusumli avtobenzin sifati buzilgani aniqlandi.

Xorazm viloyati Bogʻot tumanida joylashgan “Shirin” xususiy korxonasiga qarashli AYOQSHda Ai-92 (5 001 litr) rusumli avtobenzin sifatsiz ekanligi;

Tuproqqalʼa tumanidagi “Avtogaz Muqaddas” MCHJga qarashli AYOQSHda Ai-80 rusumli avtobenzinni kam quyish holati aniqlandi.

Namangan viloyatida Uychi tumanidagi “Davr plyus” MCHJ va Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Furqatjon OIL” MCHJlarga qarashli AYOQSHlarda sotilayotgan Ai-92 rusumli avtobenzin sifatsiz ekanligi aniqlandi.

Mazkur tadbirkorlik subyektlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar birja savdolari orqali Ai-80 rusumli avtobenzin xarid qilishga cheklovlar oʻrnatildi va nazoratga olindi. Yoʻl qoʻyilgan qonun buzilish holatlariga huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan huquqiy baho berilmoqda.

Shu oʻrinda xususiy AYOQSH faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlardan narxlarni sunʼiy ravishda oshirmasliklarini, avtobenzinning sifat va miqdor jihatidan toʻgʻri sotishlarini soʻraymiz.

Hozirda ishchi guruhlar tomonidan joylarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.