Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi joriy yilgi Haj mavsumi oldidan xavfsizlikni taʼminlash va ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida yangi tartib va cheklovlarni eʼlon qildi.
Unga koʻra, 2026 yil 13 apreldan boshlab Makkaga kirish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi. Ruxsatnomasi boʻlmagan shaxslar shaharga kiritilmaydi. Faqat Makkada yashash ruxsatnomasiga ega boʻlganlar, Haj vizasi borlar va muqaddas hududlarda ishlash uchun rasmiy ruxsat olgan shaxslarga istisno qilinadi.
Shuningdek, umra vizasi bilan kelganlar uchun mamlakatni tark etishning soʻnggi muddati 18 aprel etib belgilandi.
18 apreldan boshlab 31 mayga qadar umra ruxsatnomalarini berish ham vaqtincha toʻxtatiladi. Bu cheklov Saudiya fuqarolari, Fors kўrfazi davlatlari fuqarolari, mamlakat ichidagi rezidentlar va boshqa vizalar egalariga ham taalluqli.
Bundan tashqari, 18 apreldan eʼtiboran barcha turdagi vizalar egalariga Makka shahriga kirish yoki u yerda qolish taqiqlanadi. Faqat Haj vizasiga ega boʻlganlargina ushbu talabdan mustasno hisoblanadi.
Vazirlik ushbu talablarni buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qoʻllanilishini taʼkidladi.