28-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:33 da Ozarbayjonning “Azal” aviakompaniyasining samolyoti Urganchga kelib qoʻndi. Boku — Urganch — Boku yangi parvoz yoʻnalishini ochgan bortida 99 nafar yoʻlovchisi boʻlgan Airbus A319 samolyoti anʼanaga koʻra tantanali ravishda kutib olindi. Muntazam reyslar haftada bir marta — shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Urganch Ozarbayjon aviatashuvchisi parvoz qila boshlagan Oʻzbekistondagi toʻrtinchi shahar boʻldi. Bokudan Toshkentga reyslar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bokudan Samarqandga — seshanba va payshanba kunlari. Bokudan Fargʻonaga — payshanba kunlari.
1992-yilda tashkil etilgan Ozarbayjon Havo Yoʻllari (Azal) aviakompaniyasi yirik aviatashuvchi boʻlib, Boeing va Airbus samolyotlarining zamonaviy parkiga ega boʻlgan MDH mamlakatlari aviatsiya hamjamiyatidagi yetakchilardan biri hisoblanadi.