Rossiyaning “Azimut” aviakompaniyasi Sochi va Urganchni toʻgʻridan-toʻgʻri qatnovlar bilan bogʻladi.

29-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:07 da Rossiyaning Azimut aviakompaniyasi havo kemasi Sochi-Urganch-Sochi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi muntazam yo‘lovchi qatnovini amalga oshirdi. An’anaga ko‘ra, bortida 61ta yo‘lovchisi bo‘lgan Sukhoi Superjet 95 havo kemasi suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi.

Sochidan Urganch xalqaro aeroportiga parvozlar haftada bir marta — chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, “Azimut” Urganchni Rossiyaning boshqa shaharlari — Moskva va Mineralniye Vodi bilan ham bog‘laydi.

Shuningdek, 2023-yil 27-martdan boshlab Rossiya aviatashuvchisi Mineralniye Vodi — Samarqand — Mineralniye Vodi yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini oshirdi. Parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Ilgari parvozlar faqat seshanba kunlari amalga oshirilar edi.

“Azimut” — Rostov-Don va Krasnodarda joylashgan Rossiya aviakompaniyasi hisoblanadi.