Aziz Abduhakimov Oʻzbekiston turizm sohasida tarixiy rekord yangilanishining sirini ochiqladi

    Oʻzbekiston tarixida xorijlik sayyohlar oqimi boʻyicha rekord natija qayd etildi, yaʼni joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida mamlakatga 8,6 mln nafardan ortiq turist tashrif buyurdi.

    Aprel oyidan buyon esa xorijiy sayyohlarning har oylik koʻrsatkichi barqaror ravishda 1 mln nafardan ortmoqda.

    Ekologiya, atrof–muhitni muxofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Aziz Abduhakimov sayyohlar soni tarixiy rekordga yetganini izohlab, bu natijani Prezident Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasini rivojlantirish, xalqaro imijni mustahkamlash va sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish siyosati bilan bogʻladi.

    "Oʻzbekiston bugungi kunda xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalarida yuqori saviyada ishtirok etmoqda, 20 ga yaqin davlatda road-show va taqdimotlar tashkil qilinmoqda.

    Samarqandda “UN-Tourism” ofisi ochildi, Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga doimiy ravishda subsidiya ajratilmoqda. Bu islohotlarning samarasi oʻlaroq, turistlar soni oshishi bilan bir qatorda ularning Oʻzbekistonda qolish muddati ham uzaygani quvonarli holat.

    Qolaversa, ilgari yurtimizga aksariyat yoshi ulugʻ sayyohlar kelgan boʻlsa, endilikda bu boradagi koʻrsatkich yoshariyib borayotganini alohida taʼkidlash joiz.

    Shu oʻrinda uzoq xorij — Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerikadan kelayotgan turistlar oqimining sezilarli darajada oʻsganini alohida taʼkidlash lozim. Bu jahon sayyohlik xaritasida Oʻzbekistonning kundan-kunga tanilib borayotganini va eng sayohatbop yoʻnalishlardan biriga aylanib borayotganligini koʻrsatadi.

    Turistlarning koʻpayishi, tabiiyki, sohadan tushayotgan daromadning oshishiga olib keladi. Bu esa oʻz oʻrnida milliy iqtisodiyotning oʻsishida muhim rol oʻynaydi. Ilgari turistlar faqatgina muayyan davrda kelishi kuzatilgan boʻlsa, bugunga kelib, sohadagi islohotlar va yaratilayotgan sharoitlar natijasida turistik mavsum tushunchasi yoʻqolib bormoqda, yaʼni yil davomida turistlar soni barqaror saqlanib qolmoqda.

    Viza rejimini soddalashtirish hamda raqamlashtirish xizmatlarini takomillashtirish borasidagi islohotlar tufayli Oʻzbekiston dunyoning eng mehmondoʻst mamlakatlaridan biri sifatida eʼtirof etila boshlandi. 90 dan ortiq davlatga vizasiz rejim va elektron vizaning joriy etilishi, mamlakatga kirish-chiqish talablarining yengillashuvi, zamonaviy mehmonxona va transport infratuzilmasining rivojlanishi sayyohlar sonining ishonchli oʻsishi uchun asos yaratdi. Bu oʻz-oʻzidan qoʻshimcha ish oʻrinlarini talab qilgani bois mahalliy aholining daromadli ish bilan taʼminlanish darajasi oshib borayotganini alohida eʼtirof etish joiz. Prezidentimizning pirovard maqsadi ham shu aslida, yaʼni mahalliy aholi uchun yangi ish joylarini yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni yuqori daromadli ish bilan taʼminlash va bu orqali xalqimizning turmush farovonligini oshirish.

    Turizm qoʻmitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tarkibida faoliyat yuritishi barqaror va ekologik masʼuliyatli turizmni rivojlantirish tamoyillarini joriy qilish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bunday yondashuv turizmni rivojlantirishda mamlakatning tabiiy va madaniy boyliklarini asrashga boʻlgan eʼtiborni kuchaytiradi. Zero barqaror tabiatsiz hech bir sohani, jumladan, turizmni ham rivojlantirib boʻlmaydi. Soʻnggi yillarda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillikning yoʻqolishi va atrof-muhitning ifloslanishi kabi muammolar har qanday sohani rivojlantirishda bu omillarni inobatga olish zarurligini va Oʻzbekistonda bu borada toʻgʻri yoʻl tanlanganini koʻrsatmoqda.

    Ekologiya vazirligi Davlat rahbari tomonidan turistik xizmatlar sifatini oshirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish hamda Oʻzbekistonning mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biri sifatidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarini sidqidildan amalga oshirishda hamda turizmni tabiat bilan uygʻunlikda rivojlantirishda davom etadi", — deyiladi xabarda.