Tashrif davomida Aziz Abduhakimov va Sara Noshadi Buxoroning tarixiy qismidagi “Ark” qalʼasi, Masjidi Kalon, “Abdulazizxon” va “Ulugʻbek” madrasalari, Qorakoʻl tumanidagi qadimiy “Poykent” arxeologiya yodgorligi, “Nodir Devonbegi” madrasasi, “Xoʻja Kalon” masjidi va “Xoʻja Kalon” hovuzi kabi madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan taʼmirlash-tiklash, restavratsiya ishlari bilan tanishishdi.

Shuningdek, Buxoro shahar, Gʻijduvon koʻchasida joylashgan “Metric Ventures” (Hyatt Regency), “International Hotel Services” (Whyndham), “Tinchlik” “Olmachi Tur Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga qarashli mehmonxonalarning qurilish jarayonlarini koʻzdan kechirishdi.

Turizm va madaniy meros vaziri shaharning tarixiy qismida joylashgan madaniy meros obyektlari, shuningdek Kogon tumanida joylashgan Amir Olimxon saroyi restavratsiyasi va taʼmirlanishiga doir koʻrsatmalar berdi.

Shuningdek, Davlat rahbarining tashabbusi bilan Buxoroda tashkil qilinishi kutilayotgan “Turizm shaharchasi”ni qurish boʻyicha mutasaddilar bilan takliflar tayyorlanishi muhokama qilindi.

Aziz Abduhakimov shuningdek Buxoro shahridagi Turizm va madaniy meros texnikumini koʻzdan kechirdi va oʻquv maskanidagi qurilish-taʼmirlash ishlarini noyabr oyiga qadar yakunlash boʻyicha tavsiya va topshiriqlar berdi.