Bugun Oʻzbekiston MOQda 6-9-aprel kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida oʻtgan dzyudo boʻyicha Osiyo-Okeaniya chempionati yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, terma jamoa murabbiylar shtabi, sportchilar va OAV xodimlari qatnashdi.

Ikki qitʼaning jami 29 davlati dzyudochilari ishtirok etgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari toʻliq tarkibda yurtimiz sharafini himoya qilishdi. Toʻrt kunlik bellashuvlar yakunida dzyudochilarimiz 3 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni band etishdi. Eʼtiborga molik jihati shundaki, yakkalik bahslaridagi natija nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston terma jamoasi shu kungacha boʻlgan tarixni yangilashga muvaffaq boʻldi. Yaʼni, hozirgacha oʻtkazilgan qitʼa chempionatlarida dzyudochilarimiz tomonidan 3 ta oltin medal qoʻlga kiritilmagan edi.

Tadbir davomida Azizjon Kamilov Bishkek turniri yakuni, Olimpiada rejalari boʻyicha fikrlarini bildirib oʻtdi.

“Olimpiada yaqinlashib borar ekan, har bir kun juda muhim. Musobaqalarda maksimal darajada ochkolar yigʻib borishga harakat qilyapmiz. Oldimizda Olimpiadagacha 2 yirik musobaqa: Qozon “Katta dubulgʻa” turniri va Budapeshtdagi JCH qoldi. Qozonga asosan yoshlar tarkibini jalb qilishga qaror qildik. Bu bilan ularni Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorlab boramiz. Soʻnggi paytda qizlarimiz ham katta natijalarga erishishmoqda. Tokioga jamoamiz tarixida eng koʻp yoʻllanmalar bilan bormoqchimiz. Asosiysi, unda oʻzbek dzyudosi tarixini yangilashni maqsad qilib qoʻyganmiz”, – dedi MOQ raisi oʻrinbosari.

Qayd etish joiz, Osiyo-Okeaniya chempionatiga Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer ham tashrif buyurdi va rasmiylar yaqin rejalar haqida fikr almashishdi. Bu borada Azizjon Kamilov quyidagi gaplarni aytib oʻtdi:

“Budapeshtdagi jahon chempionatiga bizdan maxsus ishchi guruh ham boradi va tashkiliy masalalar boʻyicha tajriba orttirib kelishadi. Bishkekdagi chempionat davomida maxsus dzyudo akademiyasining ham ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Suhbat chogʻida janob Marius Vizer endi bizdan ham ana shunday obyektlar kutib qolishini aytib oʻtdi. Shubhasiz, qoʻshni mamlakatimizdagi bunday oʻsish bizga ham motivatsiya beradi va bu dzyudomizning yana-da rivojlanishi uchun turtki boʻladi”.

Anjuman davomida terma jamoamizning Tokio Olimpiadasiga tayyorgarligi, kutilayotgan litsenziyalar va sportchilarning holati boʻyicha savol-javoblar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.