Ayni paytda umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan, tegishli til sertifikatiga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilarining kelgusi mehnat faoliyati masalasi jamoatchilik eʼtiborida turibdi.

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qaroriga muvofiq, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xorijiy til fanidan dars berayotgan pedagoglar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozim.

Dastlab 2024–2025 oʻquv yiligacha amal qilishi belgilangan mazkur talab pedagoglar hamda jamoatchilik murojaatlari asosida bir necha bor uzaytirilgan.

Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻi bilan xorijiy til fani oʻqituvchilari lavozim malaka tavsiflariga B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlish asosiy talab sifatida kiritildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, vazirlik tomonidan pedagoglarni sertifikat imtihonlariga tayyorlash maqsadida hududlarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul onlayn va oflayn oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.

Natijada, 2025-yil sentyabr–dekabr oylarida 5 ming nafardan ortiq oʻqituvchi tegishli til sertifikatini qoʻlga kiritdi. Hozirda respublika boʻylab 39 ming nafardan ziyod xorijiy til oʻqituvchisi sertifikatga ega boʻlib, bu ularning taʼlim sifati hamda moddiy ragʻbatlantirilishiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Vazirlik maʼlum qilishicha, bunday oʻquv mashgʻulotlari kelgusida ham davom ettiriladi va B2 darajadagi sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarga 2026–2027 oʻquv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi.

Ushbu chora-tadbirlar oʻquvchilarning sifatli va chuqur bilim olishini taʼminlash, ularning kelajakda zamonaviy kasblarni egallashida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlanmoqda.

Pedagoglardan mazkur yangilik va talablarga masʼuliyat bilan yondashish, kasbiy burchlarini sidqidildan bajarish soʻralmoqda.