Tashrifning birinchi kunida BAA Iqtisodiyot vazirligi hamda Energetika va infratuzilma vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.

Xususan, Iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Tuk al-Marri bilan oʻtkazilgan muloqotda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama etildi.

BAA yangi xususiy kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoriga kirishga qiziqayotganligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, kimyo, kon-metallurgiya va toʻqimachilik sanoati eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida tilga olindi.

Turizm, kimyo, qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqa sohalardagi kompaniyalarning davlat ulushini sotib olishni nazarda tutgan holda, BAA kompaniyalarining Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Joriy yil may oyida Samarqand shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-BAA Hukumatlararo komissiyasining 5-yigʻilishini hamda qoʻshma biznes-forumni tashkil etish masalasi kelishib olindi.

Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazrui bilan muloqot chogʻida Oʻzbekiston energetika sohasi va infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishlarida ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama etildi.

BAA tomoni Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi hamkorlik samarali va muvaffaqiyatli oʻzaro sheriklikning amaliy namunasi ekanini alohida taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.