“Dunyo” AAning xabar qilishicha, 2-mart holatiga koʻra, Dubaydagi “Hyatt Place Dubai” mehmonxonasiga jami 93 nafar hamyurtimiz joylashtirildi. Ularning 61 nafari ushbu mehmonxonaning oʻzidan chiqarib yuborilgan fuqarolar boʻlib, vaqtinchalik turar joy masalasida qiyin ahvolga tushib qolgan edi.
27 nafar fuqaromiz “Floria Hotel” mehmonxonasidan chiqarib yuborilgan boʻlib, ular ham joylashtirildi. Qolaversa, koʻchada qolib ketgan 5 nafar vatandoshimiz ham aniqlanib, xavfsiz joyga koʻchirildi.
Bundan tashqari, “Hampton by Hilton Dubai” mehmonxonasiga 39 nafar fuqaro joylashtirilib, ularning yashash sharoitlari taʼminlandi.
Shu bilan birga, Abu-Dabi shahrida ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 4 nafar fuqaromiz “AG Hotel Abu Dhabi” mehmonxonasiga joylashtirildi. Ularning salomatligi va xavfsizligi alohida nazoratga olingan.
Hozirgi vaqtda barcha fuqarolarimizga zarur amaliy va tashkiliy yordam koʻrsatilmoqda. BAAdagi Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan vaziyat doimiy ravishda monitoring qilinib, har bir murojaat tezkor tarzda koʻrib chiqilmoqda.
Vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qiyin vaziyatlarda qoʻllab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.